Kelajakni loyihalash: “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari
“Kelajakni loyihalash: “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya mamlakatdagi transformatsiya jarayonlari, mavjud muammolar, rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlarini texnologiya va geosiyosiy voqelikning global tendensiyalarini hisobga olgan holda ekspertlik muhokamasi uchun ochiq maydonga aylandi.
Anjumanda “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi doirasidagi ustuvor dastur va loyihalarni tahlil va tadqiq qilish, ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bilan shugʻullanuvchi keng koʻlamli milliy va xalqaro tashkilotlar, tuzilma va muassasalar vakillari, jumladan ekspertlar, yetakchilar, menejerlar va rahbarlar ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston keng koʻlamli tub oʻzgarishlar yoʻlini bosib oʻtdi. Bugungi Oʻzbekiston nafaqat zamonaviy jahon tendensiyalari yutuqlarini qabul qiladigan va moslashtiradigan, balki oʻzi ham kamida mintaqaviy kun tartibini shakllantirgancha yuzaga chiqadigan harakatchan, yangiliklarga ochiq hamda dunyo hamjamiyatining doimiy ravishda rivojlanib boruvchi aʼzosini oʻzida aks ettiradi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jadallashgan va Oʻzbekiston yangi taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻymoqda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, taʼlimiy, ilmiy muhitning oʻzi esa ancha murakkab va serqirra boʻlib bormoqda.
Bu oʻrinda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi va “inson – jamiyat – davlat” tamoyilga asoslangan islohotlar falsafasining keyingi evolyutsiyasi tabiiy koʻrinadi. Uning kun tartibiga iqtisodiyot va iqtisodiy oʻsishni transformatsiya qilish, inklyuziv va barqaror jamiyat qurish, samarali energetika tizimini yaratish, iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish kabi vazifalar kiritilgan.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi kelgusi yetti yilda iqtisodiyot, ijtimoiy farovonlik, siyosat va xavfsizlik sohalarida koʻp qirrali islohotlarni rejalashtirishning asosiy platformasiga aylandi. Unda jamiyatda intellektual resurslarni birlashtirish, sohaviy va tarmoq reja va dasturlarini muvofiqlashtirish, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni taqozo etuvchi ulkan maqsadlar qoʻyildi. Shuning uchun turli ekspert platformalari oʻrtasida tizimli ravishda axborot va loyiha gʻoyalarini almashish, ekspertlar hamjamiyati va hukumat oʻrtasidagi muloqot muhim ahamiyatga ega.
Toshkentda boʻlib oʻtgan anjuman turli manfaatdor tomonlar oʻrtasida fikr va tajriba almashish, islohotlar jarayoni va uning mintaqaviy va global ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatga mumkin boʻlgan taʼsirini har tomonlama tushunishga xizmat qildi.
Xususan, taʼkidlangandek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishida jami 17 ta maqsadlar belgilangan. Jumladan kelgusi 7 yillikda iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish maqsad qilingan.
Iqtisodiy taraqqiyot boʻyicha taniqli ekspertlarning fikricha, mavjud salohiyatni inobatga olgan holda Oʻzbekiston iqtisodiyoti keyingi oʻn yilliklarda mintaqadagi eng rivojlangan iqtisodiyotni qurishi va nafaqat oʻzi balki qoʻshni davlatlarni ham oʻrta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi mumkin. Ushbu maqsadlar uchun 2030-yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni talab etadi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 mlrd dollarni – davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish koʻzda tutilgan.
Tadbir uchta asosiy yoʻnalishni qamrab oldi. Bular iqtisodiy oʻsish va transformatsiya strategiyalari; inklyuziv va barqaror jamiyat qurish; energetika va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish strategiyalaridir. Muhokamalar davomida aytilgandek, Oʻzbekistonda oʻzgarishlar markazida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari turibdi. Inson kapitaliga, bilim va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri, uning raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatni barqaror rivojlantirish sharti sifatida qaralmoqda.
Ekspertlarning fikricha, tabiiy va energiya resurslaridan barqaror va samarali foydalanishga asoslangan “yashil” iqtisodiy oʻsishning Milliy strategiyasi atrof-muhit ifloslanishini minimal darajaga tushirish orqali tabiiy ofatlar hamda iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga “yashil” texnologiyalarning joriy etilishi aholi turmush sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Natijada, shaharlarda yashash yanada yoqimli va qulay boʻladi, hayot sifati, uning davomiyligi oshadi, chaqaloqlar oʻlimi kamayadi va hokazo.
Muhokama yakunlari boʻyicha “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga yanada samaraliroq, resurs tejamkorlik bilan erishish, islohotlar jarayonlariga ilgʻor ilmiy, uslubiy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir Progressiv islohotlar markazi tomonidan Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, Yevropa —Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan birgalikda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi koʻmagida tashkil etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring