Keksalari eʼzozlangan yurt

12:19 08 Iyun 2023 Jamiyat
1073 0

архив сурат

Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan qadimiy naql bor. Bu hikmat, albatta, bejiz aytilmagan. Koʻpni koʻrgan, hayotning oqu qorasini tanigan, tajribali, oqil va dono keksalar bor uyda, darhaqiqat, fayz-baraka, toʻkin dasturxon, totuvlik va xotirjamlik boʻladi. Keksalari eʼzozlangan, qadrlangan, izzat-hurmat qilingan jamiyatda ham tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot, farovon hayot qaror topadi.

Shu bois mamlakatimizda keksa avlod vakillarini eʼzozlash va qoʻllab-quvvatlash barobarida ularning hayot tajribasi, pand-oʻgitlaridan yosh avlodda mehr-oqibat tuygʻularini uygʻotish, ularni milliy qadriyatlarimiz va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarimizni foydali ilm hamda hunar egallashga daʼvat etishda samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Masalan, oʻtgan yilda nuroniylar hayotiy tajribasidan unumli foydalanib, oʻtkazilgan madaniy maʼrifiy tadbirlar natijasida 155 mingga yaqin profilaktik hisobda turgan yoshlar sogʻlom turmush tarziga qaytarilgan, 22 mingdan ortiq oilalar ajrimi oldi olinib, 3 mingdan ortiq notinch oilalarni yarashtirishga erishilgan.

Joriy yil 11-martda “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident qarori hamda shu yil 28-martdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida»gi Farmon qabul qilindi. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish, jumladan, aholining yordamga muhtoj qatlamlarini, nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Nuroniylarimizga davlatimiz rahbari rahnamoligida doimiy ravishda eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan yilda 965 ming nafar nuroniy bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan, 23 ming nafar nuroniy dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlangan, 21 mingdan ortiq nuroniylar sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi, 19 ming nafari reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlandi, 118 ming nafar nuroniylarga boshqa turdagi moddiy yordamlar koʻrsatildi, 221 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yakka yolgʻiz keksalarning uy-joylari taʼmirlab berildi, 1 milliondan ortiq nuroniylar uchun mamlakatimiz boʻylab sayohatlar tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda 3 milliondan ziyod keksa avlod vakillari bor. Nuroniylarimiz, tabiiyki, eʼtibor, gʻamxoʻrlik va qoʻllab-quvvatlashga doimiy ravishda ehtiyoj sezadi. Davlatimiz rahbari qabul qilgan “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaror ham ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni sogʻlomlashtirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish borasida bir qator aniq maqsad va vazifalar belgilangan.

Prezident qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari tegishlicha “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlimlari Vasiylik kengashlari raisi sanaladi. Mahalla fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilari esa “Keksalar maslahati” guruhiga raislik qiladi.

“Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) boʻlimi rahbarlariga bir vaqtning oʻzida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining maslahatchisi maqomi beriladi. “Nuroniy” jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasi, markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari tuzilmalari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda uning raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, shu yilning 1-aprelidan boshlab “Nuroniy” jamgʻarmasini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan jamgʻarmaga davlat subsidiyasi ajratish tizimi joriy etiladi.

Prezident qarorida keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Uning asosida endi “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq mahallalardagi yoshlar yetakchilari “Keksalar maslahati” guruhlari bilan birgalikda shakllantirilgan roʻyxatlar asosida oʻn nafar uyushmagan va muammoli yoshlar har bir mahalladagi hayotiy tajribaga ega boʻlgan zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktiriladi. Bundan tashqari boy hayotiy tajribaga ega ziyoli, hunarmand, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari boʻlgan nuroniylar esa hududlardagi barcha taʼlim muassasalariga jalb etiladi.

Shuningdek, oilalardagi ahillik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash maqsadida “Nuroniy har bir oilaga masʼul” loyihasi amalga oshiriladi. Uning asosida muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan aʼzosi biriktiriladi. “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili hamda “Nuroniy har bir oilaga masʼul” loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylar “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan muntazam ravishda ragʻbatlantirib boriladi.

Nuroniylar jamoatchilik kengashi va “Keksalar maslahati” guruhlari nuroniylarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga oid qonunchilik hujjatlari, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi, aholining ijtimoiy sohadagi muammolari, jumladan, oziq-ovqat va dori-darmon narxlarining sunʼiy oshirilishi hamda maktablardagi oʻquvchilar davomati, tadbirkorlik faoliyati, bandlik, tomorqadan foydalanish va boshqa yoʻnalishlardagi muammolarining hal etilishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida olib borilayotgan ishlar hamda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi muassasalarida “Ikkita til va bir kasb” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarning sifati va samaradorligi ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi.

Qarorda “Nuroniy” jamgʻarmasining Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar bilan hamkorligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jamgʻarma ular bilan hamkorlikda faxriy nuroniylar, oʻrta avlod vakillari hamda yoshlar oʻrtasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻz matonati bilan erishayotgan yutuqlari, jamiyatdagi oʻrni hamda ibratli hayotini yoshlarga oʻrnak qilib koʻrsatish maqsadida kasb-hunarga ega boʻlmagan, ishsiz va uyushmagan yoshlar bilan yuqori natijalarga erishgan sportchilar, fan olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlagan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda paralimpiya sport musobaqalari sovrindorlari oʻrtasida “Matonat va jasorat” tadbirlari oʻtkazib boriladi.

“Nuroniy” jamgʻarmasi qonunchilikka muvofiq oʻz ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan ham shugʻullanadi. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan sotib olinib, “Nuroniy-sayyoh» MCHJga berilgan 2 ta avtobusdan tadbirkorlik maqsadlarida foydalaniladi. Uning vositasida keksalarning diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlari tashkil etiladi.

Qarorda “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini jadallashtirishga doir ustuvor yoʻnalishlar belgilandi, keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolligini oshirish borasida qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik, shukronalik, mehnatsevarlik, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash uchun “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini joriy etish orqali nuroniylarning katta hayotiy tajribasidan keng va samarali foydalanilish, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, korxona va tashkilotlardagi Faxriylar kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, urush orti mehnat faxriylari va oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yakka-yolgʻiz nuroniylar hamda “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish jamgʻarma faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, jamgʻarma ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlashda koʻmaklashadi, nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualari va mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, keksalarga tizimli ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib borish, fuqarolar yigʻinlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, tadbirkorlik va ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilgan boy hayotiy va kasbiy malakaga ega boʻlgan faxriylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga bosh-qosh boʻladi.

Prezident qarori asosida yaratilayotgan bunday keng koʻlamli shart-sharoit va imkoniyatlar, oʻz navbatida, “Nuroniy” jamgʻarmasi zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Unda belgilangan chora va tadbirlar faoliyatimizni yanada kengaytirish, belgilangan maqsad va vazifalarimizni oʻz vaqtida va toʻlaqonli bajarishimizni taqozo etadi.

N. MUSAYEVA,

“Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi

boʻlim boshligʻi, filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер