Keksalar sabogʻi — hayot maktabi
Abdusattor Sodiqov/“Xalq soʻzi”. Zomin tumanidagi “Nayman” tantanalar majmuasida “Nuroniylar yoshlarimizning maʼnaviy ustozi” mavzusida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi.
Tadbir avvalida turli sohalarda oʻzining fidoiy mehnati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshgan marhum insonlarni yodga oluvchi videolavha namoyish etildi. Uch avlod uchrashuvida xalq xoʻjaligining turli sohalarida hozir ham ish faoliyatini davom ettirayotgan nuroniylar ishtirok etdi.
— Bugun ilm-fan rivojiga qoʻshayotgan hissalarimda keksa avlod vakillari, tajribali pedagoglarning xizmatini alohida eʼtirof etmoqchiman, — deydi uchrashuv qatnashuvchisi Samarqand davlat arxitektura instituti professori, akademik Oʻktam Oʻsarov. — Men tahsil olgan 1-maktabda Bosim Xoʻjamqulov, Shukrulla Fayzullayev kabi ustozlar oʻzining boy tajribasi va pedagogik mahorati bilan ilm-fanga ishtiyoq va havas uygʻotganligini qayta-qayta takrorlayman. Ularning tajribalarini oliy oʻquv yurtida talabalarga saboq berishda foydalanib kelmoqdaman.
— Bobom Abdugʻaffor ijodkor sifatida elga tanilgan, — deydi 47-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Jasur Abdugʻafforov. — Oilamizda hamma kitobxon. Bolaligimdan badiiy asar oʻqish va sheʼr yodlashni bobomdan oʻrganganman. 7-sinfda oʻqiganimda “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichida 3-oʻrinni olganman. Bu yil bobomning yordamida 1-oʻrinni egallashga va yurtboshimizning sovgʻasi – yengil avtomashinani qoʻlga kiritmoqchiman.
Zomin tumanida iqtidorli yoshlar koʻp. Ular orasida fan olimpiyada gʻoliblari Zulfiya mukofoti sohibalari, turli tanlov sovrindorlari, Fransiyada oʻtgan olimpiada ishtirokchilari bor. Birgina misol, tumandagi ixtisoslashgan maktab internatda tahsil olayotgan 336 nafar oʻquvchining 126 nafari ingliz tilidan IELTS va CEFR sertifikatlariga ega. 112 nafari chet tilini bilish darajasida V1, V2, S1 natijalarini qoʻlga kiritgan. Albatta, bunday yutuqlarda farzandlariga toʻgʻri yoʻl koʻrsatayotgan, amaliy maslahat va ragʻbat uygʻotayotgan ota-onalarning yordami beqiyos.
— Tadbirda keksa avlod vakillari yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Zomin tuman boʻlimi rahbari Oʻrol Aqqulov. — Bu yoshlarning kelgusida hayotda oʻz oʻrnini topib, yurtimiz taraqqiyotiga, yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda yangi tashabbuslar gʻoyalarni ilgari surishga ragʻbat boʻladi.
Uch avlod uchrashuvidan olgan maslahat, tavsiya va ragʻbat yoshlarimizning barcha sohalarda fidoiylik koʻrsatishga chorlaydi. Yurtboshimiz aytganidek, bunyodkorlik ishlariga tomoshabin boʻlib emas, kamarbasta boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash hammamizning muqaddas burchimiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring