Kechirim va qayta tugʻilish yoxud afv etilganlar taqdirida yangi sahifa

16:47 10 Aprel 2026 Jamiyat
388 0

Farzandi yoʻliga koʻz tikib yashagan fargʻonalik Zumradxon Hamroyevaning qalbiga nihoyat yorugʻlik kirdi. Ona tunlarni tongga ulab oʻgʻlini kutdi. Har eshik taqillaganda, har qadam ovozida yuragi hapriqar, “balki kelgandir” degan umid bilan yashardi. Bugun esa uning koʻzlarida quvonch yoshlari. Chunki oʻgʻli Bobur ozodlikka chiqib, oila bagʻriga qaytdi. Bu nafaqat bir onaning, balki besh nafar farzandning ham baxti edi. Endi ular otasining bagʻrida ulgʻayadi, har tong bir dasturxon atrofida jam boʻladi. Bu oddiy holat emas, balki uzoq kutilgan baxt.

Bu bir oilaning emas, yuzlab xonadonlarning kechinmasi. Davlatimiz rahbarining insonparvarlik siyosati tufayli 392 nafar shaxs ozodlikka chiqib, oʻz oilalari bagʻriga qaytdi. Bu raqam ortida esa yuzlab bolalarning kulgisi, ota-onalarning duosi, doʻst-u birodarlarining shodligi mujassam.

Yaqinda yurtimizda Navroʻz umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayiti arafasida qabul qilingan afv farmoni xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimlilik kabi fazilatlarning amaliy ifodasi boʻldi. Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarga yana bir imkoniyat berildi. Bu qaror jamiyatda adolat bilan birga mehr-shafqat ham ustuvor ekanini koʻrsatdi.

Afv etilganlar orasida turli taqdir egalari bor. Jumladan, jomboylik Nasiba Javkanova ham ana shunday imkoniyatga ega boʻlganlardan. 21 yoshli ayol besh yillik jazoni oʻtar ekan, har kuni oʻz xatolarini oʻylab, pushaymonlikda yashadi. Uning soʻzlarida hayotning qattiq sabogʻi yaqqol seziladi. Bugun u tengdoshlariga murojaat qilib, hayotda xatoga yoʻl qoʻymaslik, ota-onani qadrlash kerakligini taʼkidlaydi. “Qamoq hayoti erkinlikka teng kelmaydi”, deydi u.

Bobur Hamroyevning taqdiri esa alohida ibrat. Oliy maʼlumotli oʻqituvchi boʻlgan Bobur birgina notoʻgʻri qarori sabab olti yildan ziyod umrini panjara ortida oʻtkazdi. Oson pul topish istagi uning hayotini izdan chiqardi. Besh nafar farzandining taqdiri, ota-onasining dardi uning qalbida ogʻir iz qoldirdi. Bugun esa u ozodlikda, farzandlari bagʻrida. Ozodlikka chiqish uning uchun yangi hayot sahifasi, yangi imkoniyat demak.

Uning onasi Zumradxon Hamroyevaning koʻzlarida shukronalik yoshlari. Uning xonadonidagi besh nafar bola endi otasining mehrida ulgʻayadi.

Samarqandda ham 12 nafar mahkum afv etildi. Bu yerdan ozodlikka chiqish qancha bir oilaning tiklanishi, bir umidning qayta uygʻonishi demakdir. Shuningdek, fargʻonalik Akmal Ahmadjonov ham afv etilganlar safida. U 15-yilga hukm qilingan boʻlsa-da, qamoqda oʻtgan sakkiz yillik umri uning qalbini oʻzgartirdi. Onasining har galgi tashrifi, nasihatlari unga kuch bagʻishladi. U bir necha bor afv soʻrab muhtaram Prezidentimizga maktub yoʻlladi va nihoyat uning umidi ushaldi.

Hayajondan nafasi boʻgʻziga tiqilgancha soʻzlagan onasi Inobat aya — Oʻgʻlingiz afv etildi deyishganda oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Xonadonim toʻldi, — deydi. Bu soʻzlarda ona qalbining barcha iztirobi va quvonchi mujassam.

Fargʻonadagi tergov hibsxonasidan ham uch nafar mahbus ozod etildi. Ulardan biri Abduqodir Abdusamatov edi. Toshkent davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan yosh yigit notoʻgʻri muhit taʼsirida adashib qoladi. Olti oylik qamoq uning hayotiga katta saboq boʻldi. U endi hayotga boshqacha nigoh bilan qaraydi.

Rahmat aka va Yunusali Dehqonov kabi insonlar ham ozodlikka chiqdi. Rahmat aka nabirali boʻlganini qamoqda eshitgan, bugun esa uni bagʻriga bosish baxtiga erishdi. Yunusali esa ikkinchi farzandi tugʻilgan paytda ozodlikdan mahrum edi. Endi ular uchun hayot yangi maʼno kasb etmoqda.

Qoraqalpogʻistonda ham afv ijrosi taʼminlandi. Bu borada masʼullar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

— Hurmatli Prezidentimiz farmoniga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 12 nafar fuqaro afv etildi. Ularning toʻrt nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan boʻlsa, yana sakkiz nafari probatsiya nazorati ostida jazo oʻtayotgan shaxslar hisoblanadi, — deydi Nukus shahar IIB JHH probatsiya guruhi katta inspektori Adilbek Xojamuratov. — Ayni paytda ularni jamiyatga moslashtirish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda bir martalik moddiy yordam ajratish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.

Namanganda esa afv etilganlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Ularning yashash sharoiti, ish bilan taʼminlanishi, sogʻligʻi oʻrganildi. Taklif va murojaatlariga joyida yechim topildi. Bu kabi ishlar insonni jamiyatga qayta moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Temir panjara ortida oʻtgan kunlar insonga erkinlik qadrini chuqur anglatadi. Ilgari oddiydek tuyulgan oilaviy davra, doʻstlar suhbati, tinch hayot — bularning barchasi beqiyos neʼmat ekani shu yerda anglashiladi.

Afv farmoni inson taqdirini oʻzgartiruvchi, oilalarni birlashtiruvchi, umid uygʻotuvchi, insonparvarlikni ulugʻlovchi qadriyat qomusidir. Xatolardan holi inson yoʻq. Ammo kechirish, ishonch bildirish orqali insonni toʻgʻri yoʻlga qaytarish jamiyat taraqqiyotining muhim shartidir.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер