Kattaqoʻrgʻondagi ekomaktab haqida eshitganmisiz?
Foto: Халқ сўзи
Mamlakatimizda eko-taʼlimni rivojlantirish, atrof-muhit muhofazasi borasida masʼuliyatli avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan “Zamin” fondining “Zamin Eco-Education” loyihasida Kattaqoʻrgʻon shahridagi 3-umumtaʼlim maktabi muvaffaqiyatli ishtirok etib, Samarqand viloyatidagi 1200 dan ortiq maktablar ichidan mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shu tariqa mazkur oʻquv maskanida fond tomonidan zamonaviy ekologik issiqxona tashkil etilib, kerakli uskunalar bilan taʼminlandi. Ayni paytda mazkur issiqxonada yosh eko-volontyorlar 50 turdan ortiq noyob gul va oʻsimliklarni parvarishlash ishlarini boshlab yuborgan. Maktab hududida esa maxsus chiqindi qutilarining oʻrnatilishi yana bir ahamiyatli jihatdir. Endilikda chiqindilar oʻquvchilar tomonidan saralab tashlanadi va bu saralangan chiqindilar ikkilamchi mahsulotlarni qayta ishlovchi tadbirkorlik subyektlariga topshiriladi.
Darvoqe, loyihada qoʻlga kiritilgan grant evaziga maktabdagi har bir sinf xonasiga suv joʻmragini oʻrnatish ishlari ham olib borilmoqda. Shuningdek, umumtaʼlim muassasasi hududidagi 132 tup mevali va manzarali, butasimon daraxtlar maxsus raqamlashtirib chiqildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yerda yuz tupga yaqin koʻchatlar ekilgan boʻlsa, yana 200 tup koʻchatlar ekish uchun shay qilib qoʻyilgan.

Bugun taʼlim maskanida eko-volontyorlar oʻz tengdoshlarida ona tabiatni sevish va uning neʼmatlarini ardoqlash koʻnikmasini uygʻotish maqsadida “Har bir oʻquvchining oʻz guli”, “Har oyning oxirgi shanbasi — ichimlik suvini tejash kuni” kabi loyihalarni ilgari surmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring