Kasb bayrami munosib nishonlandi

14:04 27 Iyun 2022 Jamiyat
1206 0

Foto: Xalq so‘zi

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni Toshkent viloyatida ham munosib nishonlandi. Qibray tumanidagi Uzumfermer.uz ekobogʻiga tashrif buyurgan soha xodimlari, suyagi matbuot dargohida qotgan, el-yurtga ilm-maʼrifat ulashishdek sharafli kasbni ardoqlab, keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari, taniqli jurnalistlar, teleboshlovchilar, blogerlar, adiblar, shoir va tarjimonlar viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev va sektorlar yetakchilari tomonidan samimiy kutib olindi.

Viloyat rahbari soha xodimlarining mashaqqatli, ayni damda sharafli xizmati xususida batafsil toʻxtalib, hududning barcha tuman va shaharlari bosma nashrlari Bosh muharrirlariga zamonaviy kompyuter jihozlari taqdim etdi. Faxriylarga esa esdalik sovgʻalari hamda tashakkurnomalar topshirildi.

Jamiyatda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarning konstitutsion huquqlarini taʼminlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarni viloyat aholisiga xolis yetkazish, media maydonda shaffof yoritib borishda alohida tashabbus koʻrsatgan jurnalist-ijodkorlar sektorlar rahbarlari tomonidan ragʻbatlantirildi.

Sermashaqqat va kamsuqum kasb egalarining bayrami shu tarzda kamtarona nishonlandi.

Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” majmuasida ommaviy axborot vositalarida faoliyat koʻrsatayotgan jurnalistlar, blogerlar, matbaachilar, noshirlar, mehnat faxriylari ishtirokida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda taʼkidlanganidek, milliy matbuotimizga tamal toshi qoʻyilishi, keyingi ravnaq-rivojida Fargʻona jurnalistikasining oʻz oʻrni bor. Bugungi kunda ham ushbu anʼanalar izchillik bilan davom ettirilib, soha xodimlari tomonidan yurtimizda, xususan, viloyatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyati xalqimizga tezkorlik bilan yetkazilyapti. Viloyatda tele va radio, bosma davriy nashrlar qatorida elektron OAV, internet nashrlari zamonaviy mezonlar asosida takomillashib bormoqda.

Bayramda Fargʻona viloyatini ijtimoiy-maʼnaviy yuksaltirishga qoʻshayotgan munosib hissasi, jamiyat hayoti, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlashdagi faolligi uchun bir guruh jurnalist va blogerlar Fargʻona viloyati hokimining faxriy yorligʻi, tashakkurnomasi hamda sovgʻalari bilan taqdirlandi.

— Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi davr har kuni oldimizga oʻnlab mavzularni koʻndalang qoʻymoqda, — deydi Fargʻona viloyat teleradiokompaniyasi muharriri Sohiba Abdurahmonova. — Shu bois hamkasblarimiz uchun dunyoda va yurtimizda kechayotgan turfa jarayonlarni tiyrak nigoh bilan kuzatish, tezkorlik va hozirjavoblik har qachongidan ham muhimdir.

Tantanali tadbir elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar, yosh isteʼdodlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Sh. Mutaxarov, B.Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер