Karmananing sayyohlik jozibadorligi oshiriladi
Respublikamiz Prezidentining “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Karmana tumanida 80 gektardan ortiq maydonda “Qadimiy Karmana” loyihasini barpo etish vazifalari belgilangan.
— Mazkur loyiha Olmazor tumani misolida amalga oshiriladi, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Saʼdulla Mirzayev. — Yaʼni, “eski shaharlar”ning shaharsozlik qiyofasini milliy yondashuv asosida tartibga keltirish tamoyili asosida Karmana shahrining markaziy koʻchasi va 3 ta ichki koʻchalarining qiyofasi etnik uslubda rekonstruksiya qilinadi. Yoʻl infratuzilmasini yaxshilanib, “Qadimiy Karmana” turistik markaziga asos solinadi.

Taʼkidlash joiz, 2300-yillik tarixga ega Karmanada YUNESKOning madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgan 5 ta madaniy meros yodgorliklari boʻlsada aholi hordiq chiqarishi uchun soʻlim maskan, bogʻlarga ega emas. Tabiiyki, ushbu omil turistlar oqimini koʻpaytirish imkoniga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Shu bois shahardagi “Mirsaid Bahrom” ziyoratgohi bilan uygʻunlashtirilgan holda, shu hududdagi 4,5 gektar eski bogʻ hududida zamonaviy, barcha sharoitlarga ega boʻlgan istirohat bogʻi barpo etish ham qarorda koʻzda tutilgan.
Natijada hududda 500 ming nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring