Karmanada "medal"chi bitiruvchilar taqdirlandi
Karmana tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarini joriy yilda 1564 nafar oʻgʻil-qiz yakunlab, ularning 16 nafari namunali xulqi hamda maktabni aʼlo baholarga tamomlaganligi uchun oltin va kumush medallar bilan taqdirlandilar.
Bugun tuman hokimligida ushbu bitiruvchilar, ularning sinf rahbarlari hamda ota-onalar ishtirokida taqdirlash marosimi oʻtkazilib, medallar tantanali ravishda oʻz egalariga topshirildi.
— Bugungi quvonchli kunimni eng avvalo, bizga oʻn bir yil taʼlim va tarbiya bergan ustozlarimning muvaffaqiyatlari deb hisoblayman, — deydi 15-umumtaʼlim maktabining bitiruvchisi Mehrangiz Ibodullayeva. – Men maktabni oltin medalga tugatish bilan birga Britaniya menejment universiteti talabalari safiga muddatidan oldin qabul qilindim. Albatta, bu mamlakatimizda biz yoshlarning taʼlim olish va ilm choʻqqilarini egallashimiz uchun davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan imkoniyatlarning samarasidir.
Tadbirda joriy yil tumandagi umumtaʼlim maktablarini bitirib, OTM muassasalariga muddatidan oldin oʻqishga qabul qilingan oʻgʻil- qizlar taqdirlanib, ularning ota-onalariga ham tashakkurnomalar topshirildi.
Bu borada tumanning 30- umumtaʼlim maktabi 30 nafar bitiruvchilarining 20 nafari, 2-maktab esa yetti nafari talabalar safiga qabul qilinganligi bilan yetakchilik qilmoqda.
— Maktabimiz yakunlanayotgan oʻquv yilida IT-texnologiyalari boʻyicha “Bir million dasturchi” loyihasi gʻolibi sifatida “Prezident sovgʻasi” - «Spark» avtomobili bilan ham taqdirlandi, — deydi 2-umumtaʼlim maktabining ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi Dilnoza Shokirova. - Albatta, maktabimizning bunday yetakchiligi yaqinda ish boshlagan biz ijodkorlardan ham shunga munosib faoliyat olib borish, yoshlarda ijodiy iqtidorni yuzaga chiqarishni taqozo etadi.
Taʼkidlash joiz mazkur anjuman tashviqot tasnifiga ham ega. Yaʼni, tahlillar shuni koʻrsatadiki, tumandagi 31ta umumtaʼlim maktabidan joriy yil yakuni bilan yettitasigina oʻz «medalchi»lariga ega boʻlishdi. Boshqacharoq aytsak, 16 medalning 12 tasi toʻrtta maktab, yaʼni 2, 5, 8 va 15- maktabning bitiruvchilariga nasib etdi. Muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish nuqtasidan yondashsak, 12ta maktabninggina bitiruvchilari mazkur sharafga muyassar boʻlishganligini kuzatish mumkin.
— Mazkur raqamlar taʼlim sifati yoʻnalishida tumanimiz pedagoglari oldida hali koʻp masalalar oʻz yechimini kutib turganligini ifoda etadi, - deydi tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Nasiba Sodiqova. – Zero, imkoniyat va sharoitlar tengligi vaziyatida samaralardagi keskin tafovut ayrim taʼlim muassasalarida islohotlar talab darajasida emasligining oynasidir.
Tadbirda bitiruvchilar kelgusi izlanishlarida ham tengqurlari orasida tengsiz boʻlib, oʻz taʼlim dargohlari sharafini himoya qilishlariga ishonch bildirildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring