Karantindan chiqqan fuqaro bilan qoʻl berib koʻrishish mumkinmi? Yoʻl chetida goʻja sotish-chi?
Bugun, 3-iyun kuni AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing oʻtkazildi.
Unda muhim savol va murojaatlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi:
Savol: Yoz faslida yoʻl chetida uy sharoitida tayyorlangan ayron, goʻja yoki salqin ichimliklar sotish mumkinmi?
Javob: Yoʻq, mumkin emas. Ruxsat etilmagan katta yoʻl yoqalari, noturgʻun joylarda barcha turdagi mahsulotlarni, jumladan uy sharoitida tayyorlangan salqin ichimliklar, bochkalardagi morslar, freyzerda quyib beriladigan muzqaymoqlar qatʼiyan man etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 378- va 251-sonli qarorlariga muvofiq noqonuniy koʻcha savdosi nazorati soliq organlariga yuklatilgan.
Savol: Karantindan chiqqan fuqaro bilan qoʻl berib koʻrishish mumkinmi?
Javob: Nafaqat karantin zonadan kelgan, balki boshqa insonlar bilan ham qoʻl berib, quchoqlashib, bosh urishtirib va oʻpishib koʻrishish mumkin emas!
Savol: Karantinga olingan uy zina tutqichlari va lift ichi har necha kunda dezinfeksiya qilinishi kerak?
Javob: Koʻp qavatli uylarda podyezd, zinapoya, tambur, lift, kirish joyi, chiqindi tashlash joylarida joriy va yakuniy dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.
Joriy dezinfeksiya koʻp qavatli uyda yashovchi aholini ogohlantirgan holda kuniga 2-marta: ertalab va kechqurun oʻtkaziladi.
Savol: Men Yunusobod tumanida yashayman. Shu tumanda doʻkon egasida koronavirus aniqlanganini eshitdim. Aynan qaysi daha va qaysi doʻkonda aniqlangani toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berolasizmi?
Javob: Yunusobod tumanidagi doʻkonda virus aniqlanganligi uydan chiqishda ehtiyot choralarini koʻrish uchun yetarli, deb oʻylaymiz.
Savol: Nega 29-may kuni Buxoroda koronavirusdan zararlanish faollashgan boʻlsa-da, 30-may holatiga koʻra viloyatning ayrim shahar va tumanlari “yashil hudud” etib belgilangan?
Javob: Buxoro viloyatining Shofirkon va Gʻijduvon tumanlari qizil hudud qilib belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring