Kamronbek va Madinabonuga yangi uy kalitlari topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Prezidentimiz tomonidan yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning huquq hamda erkinliklarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda.
Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi Kamronbek Ikromov hamda Madinabonu Ubaydullayevalar ham ota-onalarining vafotidan soʻng buvilarining vasiyligiga olingan edi.

Shu kunlarda bu ikki yoshga Margʻilon shahar hokimligi tomonidan barcha zamonaviy qulayliklarga ega xonadonlar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Yangi xonadonlar egalarini qutlash tadbirida Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi masʼullari, Margʻilon shahar sektor rahbarlari hamda mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdi.

— Ayni paytda Fargʻona davlat universitetida davlat granti asosida ikkinchi bosqichda taʼlim olyapman, —deydi Madinabonu Ubaydullayeva. — Oʻn sakkiz yoshimga qadar buvimning qaramogʻida yashadim. Bundan buyon oʻz uyim borligidan behad mamnunman.
Kamronbek Ikromov esa tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish niyatida. Eʼtibor va ragʻbatdan xursand boʻlgan ushbu yoshlar jamiyatimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga tayyor ekanligini bildirishdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring