Kamoliddin Rahimovning har bir qoʻshigʻi yuraklarga kirib borardi

12:01 13 Yanvar 2023 Jamiyat
904 0

Foto: Xalq so‘zi

“Nargiz”, “Koʻchamdan jonon oʻtganda”, “Kutaman”, “Namangan tanovari” singari yuzlab qoʻshiqlari bilan katta sahnani zabt etgan zabardast sanʼatkor Kamoliddin Rahimovning betakror ovozi, umrboqiy ashulalari kirib bormagan xonadon yoʻq hisobi yurtimizda. Millionlab muxlislar qalbidan munosib oʻrin olgan bu inson hayot boʻlganida shu kunlarda 80 yoshga toʻlardi.

12-yanvar kuni Namangan viloyati musiqali drama teatrida Oʻzbekiston xalq artisti, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi, Namangan farzandi Kamoliddin Rahimov tavallud sanasiga bagʻishlangan “Ustozni yod etib” nomli xotira kechasi tashkil etildi.

Tadbir avvalida nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo xalqlarining sevimli qoʻshiqchisiga aylangan ushbu hassos ovoz sohibining ijodiy merosini oʻrganish va targʻib etish, bu bilan yoshlarning milliy sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirildi.

— Xalqimizning ardoqli farzandi, Oʻzbekiston xalq artisti, benazir hofizimiz Kamoliddin Rahimov sanʼatkorlarning sarasi edi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. U mahorat bilan ijro etgan mumtoz va zamonaviy qoʻshiqlar sanʼat ixlosmandlari, butun xalqimizning bebaho maʼnaviy boyligi boʻlib qoladi, — dedi tadbirda soʻz olgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov.

Xalq artisti Kamoliddin Rahimovni eslab, qadrlab va eʼzozlab gullar yurti Namanganga poytaxtimiz hamda respublikamizning barcha viloyatlardan mehmonlar kelishdi.

Xotira kechasida Namangan viloyati filarmoniyasi, viloyat teatri va maqomchilar ansambli xonanda, sozanda va raqqosalari tomonidan elning suyukli hofizi qoʻshiqlaridan termalar ijro etildi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер