Kamchiliklarni bartaraf etib, qoʻshimcha yengilliklar beradi

13:01 16 Aprel 2021 Jamiyat
709 0

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 1-aprel kuni “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Xoʻsh, uning mazmun-mohiyati, afzalliklari nimada?

Avvalo, aytish kerakki, bugungi kunda respublikamizning 650 ming gektarga yaqin maydonida dehqon xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda. Avvalgi tahrirdagi qonunda dehqon xoʻjaliklariga yer ajratish umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan edi. Shu sababli, ayrim hollarda dehqon xoʻjaligi yerlariga uy-joy qurib olish holatlari kuzatilardi. Shu bois yangi qabul qilingan Qonunning 6 moddasida dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun ajratib beriladigan yer uchastkalari ijaraga (ikkilamchi) berilishi aniq qilib belgilab berildi.

Shuningdek, dehqon xoʻjaliklari oʻz faoliyatini bogʻdorchilik va uzumchilik ixtisoslashuvi asosida beriladigan yer uchastkalari ellik yil muddatga yoki sabzavotchilik, polizchilik va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun beriladigan yer uchastkalari oʻttiz yil muddatga beriladi. Ikkilamchi ijaraga fermer xoʻjaliklari yoki boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan dehqon xoʻjaliklarini yuritish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning asosiy ekindan boʻshagan qisimlarida oraliq qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish uchun bir mavsumga beriladi.

Qonunning 8 moddasida esa dehqon xoʻjaliklarini yuritish uchun ajratib beriladigan yer uchastkalari hajmi ham aniq qilib keltirib oʻtildi. Yaʼni endilikda dehqon xoʻjaliklariga tashkil etiladigan yer uchastkalari 0,06 gektardan 1 gektargacha boʻladi. Ikkilamchi ijaraga esa asosiy ekindan boʻshagan yer uchastkalaridan 0, 06 gektardan 10 gektargacha ajratiladi.

Qonunning 5 moddasida dehqon xoʻjaligiga kimlar aʼzo boʻlishi ham aniq qilib belgilab qoʻyildi. Yaʼni ular oila boshligʻi, uning xotini (eri), ota-onasi, mehnatga qobiliyatli yoshga toʻlgan bolalari va nabiralari, boshqa qarindoshlari (bolalari va nabiralarining eri (xotini), tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillari, ularning eri (xotini) boʻlishi mumkin.

Qonunga koʻra, dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligini yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida, shuningdek, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasiga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha oʻtgan shaxslarga berilgan yer uchastkalarida;

-zaxira yerlarning, shu jumladan qayta tiklangan va foydalanishga kiritilgan yerlarning tarkibidan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;

-foydalanilmayotgan oʻrmon fondi yerlari hamda boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yerlari tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida;

-suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻyidagi yerlar tarkibidan xavfsizlik talablariga va texnik talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash sharti bilan ijaraga berilgan yer uchastkalarida tashkil etilishi mumkin.

Dehqon xoʻjaligida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarni realizatsiya qilish uchun imtiyozlar ham mavjud. Yaʼni dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirma asosida oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotini qoʻshimcha hujjatlarsiz (ruxsatnomalarsiz) Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin tashish va realizatsiya qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, u qishloq xoʻjaligi mahsulotini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek, aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yoʻli bilan qoʻshimcha ruxsatnomalarsiz (litsenziyalarsiz) realizatsiya qiladi.

Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotini naqd pulga yoki bank kartalari boʻyicha naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali cheklovlarsiz sota oladi. Bunda dehqon xoʻjaligi xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun oʻrnatilgan kassa operatsiyalari qoidalariga muvofiq hisob yuritishi shart emas.

Dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzadi va qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmaydi.

Qisqa qilib aytganda, ushbu Qonun dehqon xoʻjaliklari boshliqlariga ulkan masʼuliyat yuklash barobarida, faoliyatini samarali yuritish uchun keng yoʻl ochib beradi.

Begali QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер