Kambagʻallikni qisqartirishda Quva tajribasi

14:45 13 Yanvar 2022 Jamiyat
1149 0

Foto: Халқ сўзи

Qishning sovuq kunlarida qalblarimiz iliqlikka intiq boʻladi. Odamzot shunday lahzalarda hayot va tiriklik qadrini yanada teranroq anglaydi. Inson va tabiat oʻrtasida mushtarak rishtalar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ekanini his etadi.

Bir siqim tuproqni changallab koʻrgan bobodehqon nafaqat yer uygʻonganini, balki ongu shuurida ham kunba-kun mudroqlikdan xalos boʻlish ehtiyoji tobora ortib borayotganini tushunadi. Bu muzaffar hayotning tiriklik zavqini his etishga undovchi boqiy qoʻshigʻi – mehnat “simfoniya”sidir...

Fargʻonada yer bilan “tillashish”da quvaliklar eng old oʻrinda turadilar. Azaldan mirishkor bobodehqon, usta bogʻbonlar yurti boʻlgan Quva tumanida bugungi kunda otameros koʻhna hunar zamonaviy mezonlar asosida takomillashib bormoqda.

Quva tumanidagi 65 ta MFYda 44 mingdan ziyod xonadon tasarrufida 2 ming 930 gektar ekin yeri mavjud. Tumanda har yili oʻrtacha 25 mln. tup mevali, 14 mln. tup manzarali daraxtlar koʻchatlari hamda 10 mln. tup gul koʻchatlari yetishtiriladi.

Hozirgi kunda har bir mahallaning “oʻsish nuqtasi”, “drayver”lari aniqlanib, shu asosda yaqin istiqbolga moʻljallangan dasturlar ishlab chiqilyapti.

— 2022-yilda aholiga 5 mln. tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari yetkazib berishni maqsad qilganmiz, — deydi Quva tumanida faoliyat koʻrsatayotgan Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish respublika ilmiy markazi rahbari Hojiakbar Hojimatov. — Markazimizning besh nafar ilmiy xodimi xonadonlarda boʻlib, oʻsimlik va ekinlar parvarishiga doir zamonaviy texnologiyalar boʻyicha tushuntirish bermoqda.

Markazda Fargʻona davlat universiteti, Fargʻona politexnika instituti olimlari, viloyat Oʻsimliklar karantini inspeksiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda mevali daraxtlar, gul koʻchatlari parvarishi, istiqbolli navlarni mahalliylashtirish, kasalliklarga qarshi kurashish borasida hamkorlikda ish yuritiladi. Janubiy Koreya, Xitoy tajribasi asosida issiqxonalar tashkil etilib, yilning toʻrt faslida qulupnay, sabzavot ekinlari, turli koʻkatlar yetishtirilyapti. Naslchilik xoʻjaligida aholi xonadonlarida qoramol, qoʻy, echki, tovuq, oʻrdak boqishni ommalashtirish boʻyicha ilmiy tajribalar olib borilyapti.

Hududdagi 100 gektar qir-adir yerlar oʻzlashtirilib, 20 gektariga olma, nok ekildi. Ayni kunlarda 80 gektar yerda bodom, pista, behi, oʻrik bogʻlari barpo etish va kooperatsiya asosida oilalarga 50 sotixdan boʻlib berish rejalashtirilmoqda.

Markaz qoshida Turkiya texnologiyasi asosida innovatsion laboratoriya tashkil etilib, urugʻchilik, koʻchat yetishtirish, parvarishlashgacha boʻlgan barcha jarayonlarda ilmiy yondashuv yoʻlga qoʻyildi.

— Qulupnay yetishtirish mahallamizning “oʻsish nuktasi” sifatida belgilangani bejiz emas, — deydi “Guliston” MFY raisi Ismoiljon Umrzoqov. — Mingdan ortiq oilaning aksariyati qulupnaydan bir mavsumda 15-20 mln. soʻm daromad oladi. Ayni paytda tomorqachilarimiz mahalla hududida joylashgan ilmiy markaz olimlari bilan hamkorlikda qulupnayni yil davomida yetishtirish va daromad olish boʻyicha izlanishlar olib borishayotgani eʼtibor loyiq.

Mahalla ahli yilning toʻrt faslida ham Fargʻona shahri bozorlarini koʻkat bilan taʼminlaydi. Mahalla bogʻlarida sharbatga toʻlib pishgan mevalar asosan Rossiyaga eksport qilinadi. “Guliston” MFYda hokim yordamchisi sifatida ish boshlagan Ibrohimjon Umrzoqov bunga qoʻshimcha ravishda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida oʻz dasturini tayyorlayapti.

“Yangichek” MFYda Barnoxon Ikromova oʻz tomorqasida nastarin, kiparus, pavloniya, yapon sakurasi, kashtan, oq qayin, zaytun, katalpa, limon, apelsin, mandarin, kivi, palma kabi 20 turdan koʻproq manzarali daraxt va sitrus mevalar koʻchatlarini yetishtirish xadisini olgan. Shu mahallada yashovchi Rahmatjon Mamadaliyev oilasi ixcham issiqxonada pomidor, bodring, karam, achchiq qalampir, baqlajon koʻchatlari yetishtirib sotish orqali bir oyda 10-12 mln. soʻm daromad oladi.

Quvadagi “Yangiqishloq” MFYda istiqomat qiluvchi Gʻayratjon Sultonov yosh boʻlishiga qaramay, 7 sotix tomorqasida atirgul koʻchatlari yetishtirib sotish boʻyicha katta tajribaga ega. Quva tumani hokimligi koʻmagida oʻtgan yili unga 9 gektar yer, 400 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratib berilgach, “Vodiy turfa gullari” MCHJ kooperatsiyasini tashkil etdi. 2021-yilning oʻzida “Yangiqishloq”, “Soyguzar”, “Qoʻrgʻoncha” MFYlardagi 100 ta xonadonga kooperatsiya tomonidan atirgul urugʻlari, kimyoviy vositalar, payvandtag yetkazib berildi. Natijada oʻtgan yili kooperatsiya tomonidan Germaniya, Polsha, Rossiya, Latviya, Belorussiya hamda Markaziy Osiyo davlatlariga 1,2 mln. tup atirgul koʻchatlari eksport qilindi. Gʻayratning bu yilgi maqsadlari yanada ulkan. Yosh tadbirkorning niyati jahon bozoriga atirgullar eksport qilish borasida dunyoda yetakchi davlatlardan biri sanaluvchi Niderlandiyada ortda qoldirishdir.

Tumanning “Sanoatchilar”, “Ittifoq”, “Sultonobod”, “Qayirma”, “Boʻston”, “Xonobod” MFYlarida 3000 mingga yaqin xonadon esa parrandachilik bilan shugʻullanadi. Bu mahallalarda oʻz xonadonida ikki ming boshgacha tovuq, kurka, oʻrdak, bedana boqayotgan oilalar safi tobora kengayib bormoqda.

“Sanoatchilar” MFYda 900 ga yaqin xonadonlar mavjud boʻlib, 200 ta xonadonda inkubatoriyalarda joʻja ochirish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Har bir xonadonda yiliga 10 mingdan 250 ming donagacha joʻja ochiriladi, 100 boshdan 6000 boshgacha parranda parvarish qilinadi.

— Bizda har bir oila omilkor boʻlgani sababli ham bir qarich yer foydalanilmay qolmaydi, — deydi “Qoraqum” MFY raisi Hamidjon Turgʻunov. — Mahallamizda yetishtirilgan mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari mamlakatimizning shimoliy hududi boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatlarigacha yetkazib beriladi. Shu bois 1 ming 200 ga yaqin oila istiqomat qiladigan mahallamizda atigi 23 ta oila kam taʼminlangan hisoblanadi. Ular ham boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor shaxslarni parvarishlayotgan oilalardir.

Darhaqiqat, ona zaminimiz el rizq-nasibasini taʼminlovchi muhim manba, chinakam xazina va farovon hayot omili ekanligini Quva tumani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер