Kambagʻallik faqat pul tarqatish bilan hal boʻlmaydi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida Andijon viloyatidagi mavjud tashkilotlarning 1393 nafar rahbar va oʻrinbosarlarining har biriga 5 nafardan eng ogʻir ahvoldagi 6965 ta kambagʻal oilalar biriktirilgan. Ular tomonidan 2024-yilda 50 ming 375 nafar, 2025-yilda 99 ming 135 nafar oilalarni kambagʻallikdan chiqarish chorasini koʻrish belgilangan. Xoʻsh, natija qanday boʻlmoqda?
— Oltinkoʻl tumanidagi “Tortiq” MFYda istiqomat qiluvchi 5 ta oilada oʻrganish ishlarini olib bordik, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ direktori Dilshodbek Qoʻldoshev. – Ularning sharoitidan kelib chiqqan holda moddiy yordam koʻrsatildi. Oila aʼzolarini ishga joylashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Hozirda ular doimiy ish joyiga ega. Kambagʻallik safidan chiqarildi.

Viloyatda kambagʻallik darajasi joriy yil yakuniga qadar 11,9 foizdan 8,7 foizga tushirilishi koʻzda tutilgan. Buning uchun tanlab olingan mahallalarda eng avvalo, hudud infratuzilmasini yaxshilashga eʼtibor qaratilyapti. Oddiy misol, qishloq sharoitida tomorqadan bir yilda qoʻshimcha 10-15 mln. soʻmgacha daromad olish mumkin. Biroq, suv yetib bormagan hovlida bu yutuqqa erishish mushkul. Shu bois, maqsadga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar doirasida aholini qiynab kelayotgan barcha muammolarga yechim izlanyapti. Avvallari aksariyat mahallalarda tomorqani sugʻorish asosiy mavzulardan biri boʻlib kelgan. Sababi, koʻchaning oxiridagi manzillarga suv yetib bormasligi tufayli tomorqadan foydalanish imkoni boʻlmagan. Hozirda ichki ariqlarni betonlash natijasida muammoga yechim topildi. Bu orqali 1 soniyada 200 litr suvni tejash imkoni yaratilib, behuda sarflanayotgan 60 foiz suv tomorqaga yoʻnaltirilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar tufayli suvdan foydalanish darajasi 90 foizga yetkazilmoqda. Shu orqali har bir tumanda oʻrtacha 4 mln. metr kub suvni tejash va aholi daromadiga yoʻnaltirish imkoniyati yaratilmoqda.
Tan olish kerak, aksariyat oilalarda daromad topish uchun sharoit ham, biznes reja ham bor. Biroq, mablagʻ yoʻq. Har qanday iqtisodiy natija uchun dastlab sarmoya kerak. Bu aholini kambagʻallikdan chiqarishdagi asosiy jarayon hisoblanadi. Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Sohibqiron” mahallasida istiqomat qiluvchi Botirjon Moʻminov ham tomorqasidagi boʻsh turgan 1 sotix maydondan daromad olish maqsadida mahalla faollaridan yordam soʻradi. Ajratilgan 33 mln. soʻm kredit mablagʻi nafaqat, issiqxona barpo etishga, balki, yordamchi xoʻjalik tashkil etishga ham yetdi. Chorvachilikning oʻzidan 10 mln. soʻm daromad olganligi amalga oshirilayotgan ishlarning samarali ifodasidir. Bunday xayrli ishlar ortidan mahalla kambagʻallik va ishsizlikdan holi hududga aylandi.

— Hamma ham biznes reja ishlab chiqishi, bankdan kredit mablagʻiga ega boʻlishi mumkin. Biroq, imkoniyatdan foydalanishning oʻzi boʻlmaydi, — deydi Oltinkoʻl tumanidagi “Ijtimoyat” MFYda istiqomat qiluvchi Yulduzoy Abdurasulova. — Men ham avval ishsiz edim. Mahalla faollarining saʼy-harakatlari bilan tadbirkorlik asosida nafaqat, oʻzimni balki, oʻzgalarni ham doimiy daromad manbaiga ega qilishim mumkinligi borasidagi koʻnikmaga ega boʻldim. Qolaversa, Uychi va Sayxunobod tajribasini qunt bilan oʻrgandim. Natijada mahallamiz ehtiyojidan kelib chiqib, “Yangi asr farzandi” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Bu orqali 4 ta yangi ish oʻrni yaratilib, 50 nafar oʻgʻil-qizlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish sharoiti ega boʻldik.
Andijon viloyatida kambagʻallikdan farovonlik sari yoʻnaltirilgan istiqbolli loyihalar oʻz samarasini bermoqda. Bundan hamyurtlarimizning turmush sharoiti yaxshilanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring