Kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan oilalar farzandlari uchun ilk rivojlanish markazlari tashkil etiladi

18:04 15 Iyul 2025 Jamiyat
376 0

Hukumat qarori (439-son, 14.07.2025-y.) bilan “Ilk rivojlanish markazlari toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, mazkur nizom maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha Ilk rivojlanish markazlarini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Markazlar 3–6 yoshli bolalarni, xususan, kambagʻallik darajasi yuqori va alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oilalar farzandlarini qamrab olgan holda tashkil etiladi.

Markazlar quyidagi 2 ta model asosida faoliyat koʻrsatadi:

  • maxsus maktabgacha taʼlim xizmati modeli – pedagoglar tomonidan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oilalarning 2–7 yoshli farzandlari uchun yashash xonadoniga borgan holda taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
  • oʻyin guruhi modeli – 3–6 yoshli bolalar uchun Markazlarda tashkil etilgan qisqa muddatli (3,5–4 soat) guruh.

“Markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi huzurida tashkil etiladi. Markazlarga qabul qilingan barcha tarbiyalanuvchilardan ota-ona toʻlovi undirilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер