Kam taʼminlangan oilalar uchun 10 ming donadan ortiq koʻchatlar tarqatildi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va Bulungʻur, Jomboy, Tayloq, Urgut va Samarqand tuman boʻlimlari hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashi deputati Nurmamat Tursunov tashabbusi bilan “Har bir oila mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” nomli xayriya aksiyasi oʻtkazildi.
Saxovat tadbiri davomida, Ishtixon tumanining dasht qoʻynida joylashgan “Orlot” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Orlot-1, Orlot-2, Orlot-3, Orlot-4 hamda Kulchara qishloqlaridagi 700 dan ortiq xonadonlarda istiqomat qiluvchi 4 mingdan ziyod aholiga 10 ming donadan ortiq pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon va boshqa koʻchatlar tarqatildi.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari, mahalla fuqarolar yigʻini raisi, faollar, ichki ishlar idoralari xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan mahalladagi kambagʻal, kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar xolidan xabar olindi. Har bir oila tomorqasi uchun pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon va boshqa koʻchatlar tarqatildi.
Xususan, Husniddin Qambarovning besh nafar farzandi bor, ulardan biri bolalikdan nogiron. Oila sohibi vaqtincha ishsiz boʻlgani sababli, oila daromadi birmuncha tortilib qolgandi.
— Prezidentimizning televideniye orqali har bir chiqishlarini intizorlik bilan kutaman va ertangi kunga boʻlgan ishonchim yana-da mustahkamlanadi. Biz qatori kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar doimiy tarzda davlatimiz rahbarining koʻmagini his qilib yashamoqda. Bir farzandim bolalikdan nogiron. Oʻzingiz bilasiz dori-darmon degandek, shu kunlarda xarajatimiz oshib, qoʻlimiz kalta boʻlib qolgandi. Yaqinda yaxshi niyat bilan tomorqa yerimga ishlov berib, pul tushganda turli koʻchatlarni ekmoqchi boʻlib turgandim. Mushkulim oson boʻldi. Bizga ham turli koʻchatlarni homiylarning oʻzlari uyimga keltirib berishdi. Bundan nafaqat men, balki turmush oʻrtogʻim xam juda xursand. Koʻchatlarni yaxshi parvarishlab, yuqori hosil olish niyatidamiz.Endilikda roʻzgʻorimizga baraka kirib, turmushimiz farovon boʻladi. Ortganini qishlogʻimizdagi bozorchaga chiqarib sotamiz, — deydi Husniddin Qambarov.
Shuningdek, xayriya aksiyasi davomida Uchqun Qambarov, Obidxon Tolliboyev, Muzaffar Tovboyev, Abdurahmon Tolliyev singari koʻplab kam taʼminlangan oilalar sohiblari ham saxovatdan bebahra qolmadilar.
Bundan tashqari xayriya tadbiri davomida Elyor Xubbimov oilasida hashar uyushtirildi. Ushbu kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilaga qishloqdoshlari koʻmak berishib, qariyb 20 sotix yerga pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon singari koʻchatlar ekildi.
— Mahallamizda 42 ta kambagʻal oila roʻyxatga olingan boʻlib, ular kuchli ijtimoiy himoyaga olingan, — deydi Orlot MFY raisi Shahriddin Abdullayev. — Hozirgi vaqtda butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi davomida aholining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi masʼhulotlariga boʻlgan talabi ortishi tabiiy. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 14-aprel kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda davlatimiz rahbari aholi tomorqalaridan unumli foydalanish yuzasidan, “Biz xalqimizga baliq berish emas, balki qarmoq berib, baliq tutishni oʻrgatishimiz kerak”, — degan juda haqqoniy fikrni bildirgan edi. Darhaqiqat, aholi tomorqalarining har bir qarichidan samarali foydalanish, qoʻshimcha daromad manbai sanaladi. Shu bois, tomorqa yerlariga meva, sabzavot va poliz ekinlari ekishni tashkil etish yuzasidan tushuntirish ishlari, targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Ammo, ochiq aytishimiz kerak, mahallamizdagi ayrim oilalar karantin davomida roʻzgʻoridan orttirib, tomorqasiga turli koʻchatlarni ekishga biroz qiynalgan edi. “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va qator tumanlar boʻlimlari hamda saylovchilar katta ishonch bildirib, viloyat kengashi deputatligiga saylagan deputatimiz Nurmamat Tursunovning tashabbusi bilan kambagʻal oilalar uchun koʻchatlar tarqatilishi juda katta ahamiyatga ega boʻldi. Xayriya tadbirining muborak Ramazon oyida oʻtkazilishi esa nur ustiga aʼlo nur boʻldi. Beminnat koʻmak samarasi oʻlaroq koʻpchilik xonadonlarning roʻzgʻori obod, turmushi farovon boʻladi.
Xayriya aksiyasi davomida shuningdek, huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Unda, asosiy daromad manbai hisoblangan tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, yagona toʻgʻri yoʻl ekanligi yuzasidan atroflicha maʼlumot berilishi taʼminlandi. Roʻzgʻorning obodligi va bozorlarimiz toʻkin-sochinligini taʼminlashda tomorqa koni foyda ekanligi taʼkidlandi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring