Kakaoning miya faoliyati uchun noyob foydali jihati topildi
Yaqinda Buyuk britaniyalik va AQSHlik bir guruh olimlar tomonidan kakaoning inson organizmga koʻrsatadigan ijobiy taʼsiri oʻrganib chiqildi. Aniqlanishicha, ushbu ichimlik miya va yurak-qon tomir tizimiga foydali ekan.
Tadqiqotda sogʻlom koʻngillilar ishtirok etdi. Bunda ularda zararli odatlar(chekish, alkogol ichimliklar isteʼmol qilish kabi), yurak, miya va nafas yoʻllari kasalliklari yoʻqligiga eʼtibor qaratildi.
Avvaliga barcha ishtirokchilar kognitiv funksiyalarga oid test topshirishdi. Shunday qilib respondentlarning fikrlash, xotira, anglash, til bilishga oid layoqatlari imtihondan oʻtkazildi.
Shundan soʻng ularga bir finjondan kakao berildi. Oradan ikki soat oʻtib volntyorlarga yana yechish uchun murakkab topshiriqlar taqdim etildi. Natijada ular bir chashka kakaodan soʻng kognitiv testlarni 11 foizga yaxshiroq ishlashi maʼlum boʻldi.
Olimlar buni kakao urugʻi tarkibida flavonollar borligi bilan izohlashmoqda. Gap shundaki, mazkur mikromolekulyar birikmalar miyaning fikrlash funksiyalarini kuchaytirar ekan. Bundan oldingi tadqiqotlarda flavonollar xotira yomonlashishi jarayonini sekinlashtirish isbotlangandi. Ular yurak-qon tomiri tizimi holatini yaxshilash hamda infarkt va insultga chalinish xavfini kamaytirish xususiyatiga ega ekanligi haqidagi maʼlumotlar ham bor.
Flavonollar esa nafaqat kakao tarkibi(afsuski, uning katta qismi urugʻlarga ishlov berilib, doʻkon rastalariga kelgunga qadar mahsulot tarkibidan yoʻqolib ketadi), balki koʻk choy, koʻplab meva va sabzavotlar tarkibida mavjud. Shu boʻyicha tadqiqotlar haqida Scientific Reports portalida batafsil maʼlumot berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring