Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi
Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining XI yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda partiyaning oʻtgan davrdagi faoliyati sarhisobi, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida partiya hamda uning fraksiyasi 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Jumladan, OʻzLiDeP fraksiyasi tomonidan 28 ta qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Ular sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, parlament nazoratining qonuniy asoslarini takomillashtirish, qonunlar, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini taʼminlashda parlamentning rolini kuchaytirish, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yuksaltirish, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish, davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining ochiqligini taʼminlash kabi muhim masalalarning samarali hal etilishiga qaratilgan.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri — OʻzLiDeP tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishdan iborat edi.
Bu borada partiya tomonidan har uchala tashkilot bilan hamkorlik bitimlari imzolandi. Shu asosda ularning markaziy, hududiy va tuman (shahar) tuzilmalari faoliyati yuzasidan hisobotlar tinglanyapti, joylardagi muammolar hamkorlikda hal etilmoqda.
Jumladan, Deputatlik nazoratini oʻrnatish yuzasidan partiya tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, OʻzLiDeP hududiy Kengashlari tomonidan joriy yilning shu davriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriligi hududiy boshqarmalarining 344 marotaba, Moliya vazirligi hududiy boʻlimlarining 522 marta Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hududiy boʻlimlari rahbarlarining esa 86 marotaba eshituvlar tashkil etildi.
Partiya diqqat markazidagi yana bir muhim masala – partiyalarning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtiri, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qator dasturlarni tayyorlashda joylardagi partiya guruhlarining ishtirokini kengaytirish, ularning ijrosini deputatlik nazoratiga olish, deputatlar tomonidan saylovchilarni qiynayotgan muammolarga yechim topish bilan bogʻliq. Ana shu maqsadda hisobot davrida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi 2295 nafar deputati 10 946 ta deputatlik soʻrovi yuborishdi.
Soʻrovlarning 1324 tasi Xalq deputatlari viloyat, 9622 tasi esa tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlaridan yuborilgan. OʻzLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalariga joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida 668 ta taklif kiritilib, ularning 349 tasi yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilingan.
Shuningdek, hududlardagi investitsiya yoʻnalishida mahalliy tadbirkor va fermerlar oldida turgan muammolar, sunʼiy toʻsiq va gʻovlar joyida oʻrganildi. Natijada 650 ga yaqin fuqaroga oʻz tomorqasida tadbirkorlik qilish uchun, 1000 nafardan ziyod tadbirkorga esa faoliyatini kengaytirish uchun kreditlar olib berishda koʻmaklashildi.
Majlisda partiya tomonidan erishilgan yutuqlar bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, bu borada tegishli vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish davomida “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi — 15 yil xalq xizmatida!” deb nomlangan kitob taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring