“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish tartibi belgilandi
Illyustrativ foto
Hukumat qarori (608-son, 20.11.2023-y.) bilan “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, tanlov 10 ta yoʻnalishda mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimida kamida bitta mahallada 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega mahalladagi yoshlar yetakchilari oʻrtasida oʻtkaziladi.
Tanlovning, jumladan, “Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishida ichki ishlar organlari tomonidan yoshlar jinoyatchiligini oʻtgan davrdagiga nisbatan joriy yilda kamaygan deb topilgan mahalla yetakchilari qatnashadi.
Shunga koʻra, har yili 5-sentyabrgacha Yoshlar ishlari agentligi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
Roʻyxatdan oʻtish har yili 5–30-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi.
Tanlovning:
— tuman (shahar) bosqichi – oktyabr oyida;
— hududiy saralash bosqichi – noyabr oyida;
— respublika final bosqichi – dekabr oyining birinchi oʻn kunligida oʻtkaziladi.
Respublika bosqichi gʻoliblari quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
— yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
— rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid taʼlim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish.
Shuningdek, gʻoliblar “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring