Yiliga 200 million soʻm daromad topyapman
Foto: “Xalq soʻzi”
Bizning Oqrabot qishlogʻi odamlari oʻzlarining dehqonchilik, bogʻdorchilikda erishgan yutuqlari bilan mashhur. Bir parcha tomorqadan ham millionlab daromad topayotgan oilalar koʻp. Uzumchilikda erishayotgan yutuqlarimiz esa alohida bir mavzu. “Oqrabot uzumi” degan nom bugun mahalliy bozorda brendga aylanib ulgurdi.
Men ham tomorqamda kichik boʻlsada uzumzor bogʻ barpo etib, shu uzumchilik bilan shugʻullanib kelayotgan edim. Nafaqaga chiqqach bu ishni yanada kengaytirib, tadbirkorlik faoliyatiga aylantirish rejasi tugʻildi.
Shu bois uyim yonidagi foydalanilmay yotgan boʻsh yerlarni oʻzlashtirib, 80 sotix maydonda uzumzor bogʻ barpo etdim. Ayni paytda bu yerda “Husayni”, “Rizamat ota”, “Qora kishmish” singari bir necha uzum navlari parvarishlanmoqda. Har bir tupdan oʻrtacha 30 kilogrammdan hosil olganimizda ham salkam 20 tonna uzum boʻladi. Bu yiliga oʻrtacha 200 million soʻm daromad deganidir.
Keyingi yillarda tomorqa madaniyatini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni koʻrib, shijoatim yanada oshib ketadi. Farzandlarim, nevaralarimni ishga solib, yangi-yangi tashabbuslarni amalga oshirish harakatiga tushaman. Xususan, ikki yil avval bogʻ yonida 15 sotix maydonda issiqxona qurgan edik. Hozir bu yerda pomidor hamda bulgʻor qalampiri yetishtirib, bundan ham yaxshi daromad olyapmiz.
Mehnatlarim ortidan yetti nafar farzandimni uyli-joyli qilib, elga qoʻshdim. Hammasi hayotda oʻz yoʻliga, kasb-koriga ega. Qolaversa, mehnatim ortidan elda obroʻ-eʼtibor topdim. 2019-yili “Mehnat faxriysi” koʻkrak-nishoni bilan taqdirlandim.
Qoʻchqor KOʻCHIMOV,
Qamashi tumani, Oqrabot qishlogʻi, bogʻbon.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring