Ijtimoiy himoya — asosiy mezon
Mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini taʼminlash, moddiy-maʼnaviy koʻmak berish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Piskent tumani “Mitan” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi “Temir daftar” roʻyxatidagi fuqaro Gulnora Ergasheva tuman hokimi qabulida boʻlib, 5 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan moddiy jihatdan qiynalayotganligini bildirib yordam soʻragan edi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Piskent tuman boʻlinmasi raisi N.Kenjayev, “Mitan” mahalla fuqarolar yigʻini raisi B.Niyozov fuqaro G.Ergasheva xonadoniga tashrif buyurib, oila aʼzolari holidan xabar oldi.
Mutasaddilarning amaliy yordami bilan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining joriy yilning 15-fevraldagi qaroriga asosan uning oilasini moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent viloyati boʻlimi huzuridagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 10 mln. soʻm moddiy yordam ajratilganligini maʼlum qildilar.
G.Ergasheva murojaati eʼtiborsiz qoldirilmaganligi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida tumanimizda ham har bir oilaga, har bir insonga eʼtibor qaratilayotganligidan minnatdor ekanligini bildirdi.
Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning shu davriga qadar Xalq deputatlari Toshkent viloyati va tuman Kengashlarining tegishli qarorlariga asosan, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tumandagi 52 nafar (“Temir daftar” roʻyxatidagi oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, koʻp farzandli oilalar, yolgʻiz qariyalar) fuqarolarga jami 162 mln. 600 ming soʻm moddiy yordam ajratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring