Ijodga baxshida umr

21:26 10 Iyul 2024 Jamiyat
348 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Samarqand viloyat Matbuot uyida adabiy uchrashuv oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda bugun 60 yoshini qarshilagan, 40-yillik hayoti jurnalistika va ijodga bogʻlangan Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, shoir va publitsist, tarjimon Toshpoʻlat Tugalovning ijodi haqida gap bordi.

Dastlab tadbirda ishtirok etgan shoir va adiblar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, jurnalistlar, maʼnaviyat faollari hamda sheʼriyat ixlosmandlari, ijodkorning yaqinlari, doʻstlari Toshpoʻlat Oʻrxun taxallusi bilan ijod qilib kelayotgan shoirning serqirra faoliyati, ijodi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi. Ustoz va hamkasblari uzoq yillar viloyat teleradiokompaniyasida muharrir, katta muharrir, bosh muharrir vazifasida ishlab, yuzlab dolzarb mavzularda koʻrsatuvlar tayyorlagani, oʻnlab shogirdlar yetishtirgani haqida gapirdi. Ayni paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari vazifasida faoliyat koʻrsatib, samarqandlik ijod ahlini turli tadbirlarda birlashtirib kelayotgani taʼkidlandi.

Ijodkorning «Mujda», «Kechikkan javzo», «Surur» va «Umr karvoni» nomli sheʼriy kitoblari, «Bir kuni muxbirlar…» hangomalar toʻplami, «Qalamni qadrlab…» essesi, «Tanish chehralar» ocherk va intervyulari, «Umr ziynati», «Qahramonlar mangu yashaydi» nomli badiiy publitsistik hamda «Tong yulduzi bolalari» nomli tarjima kitoblari koʻpsonli oʻquvchilarga manzur boʻlgani eʼtirof etildi.

Qayd etilganidek, Toshpoʻlat Oʻrxunning sheʼriy toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼrlarda Vatan madhi, mehr-oqibat, bugungi tahlikali davrdagi millat maʼnaviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik masalalari oʻzgacha talqinda, yangicha yondashuv bilan betakror topilmalarda kuylangan. Har bir sheʼrni oʻqib oʻzingizga nimadir xulosa qilasiz, saboq olasiz.

— Toshpoʻlat aka bilan uzoq yillar televideniyeda birga ijod qildik, — deydi viloyat teleradiokompaniyasi direktori oʻrinbosari Dilmurod Ismatov. — Albatta, oʻsha davrda koʻplab yangi janrdagi eshittirish va koʻrsatuvlarga mualliflik qildi. Mana, qariyb olti yildirki Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimini boshqarib, yuzlab shoir va yozuvchilarni bir maqsadda, bir ijodda birlashtirishga bosh boʻlib kelmoqda. Bu ham ijodkorning hamon joʻshib ijod qilayotganidan dalolat. Koʻplab shogirdlari ham ustozining izidan bormoqda.

T. Tugalovga matbuot va adabiyotga qoʻshgan hissasi uchun ikkala uyushma viloyat boʻlimlarining tashakkurnoma va sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, televideniye, «Nuroniy» jamgʻarmasi shahar boʻlimi, tahririyatlar sovgʻalari taqdim etildi.

Tadbir davomida shoir ijodidan namunalar oʻqildi. Ijodkorning sheʼrlaridagi Vatan sarhadlari, uning goʻzalligi va fasllarning ifori qalban his etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер