Ijara munosabatlarining obyektlariga boʻlgan huquq va majburiyatlarning boshqa shaxsga oʻtkazilishi tartiblari belgilanmoqda — Qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni oʻzgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq toʻlash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan toʻldirilmoqda.
Bundan tashqari, ijara munosabatlarining obyektlariga boʻlgan huquq va majburiyatlarning boshqa shaxsga oʻtkazilishi tartiblari (qayta ijaraga berilishi) belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berishning tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulk huquqini bekor qilish hollari aniqlashtirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bogʻliq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring