Izboskanda 33 ta mahalla infratuzilmasi yaxshilanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Yurtimizda aholi turmush sharoitini yaxshilash borasidagi saʼy-harakatlar, ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-oktyabrda qabul qilingan «2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroridan soʻng jadal surʼatga kirdi. Hudud obodligi, fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini taʼminlovchi bunday amaliy ishlar Andijon viloyatining Izboskan tumanida ham hamyurtlarimiz minnatdorligiga sabab boʻlmoqda. Binobarin, bu yerda 33 ta mahallarda umumiy qiymati 30 mlrd. 595 million soʻmlik 48 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni paytga kelib ularning 6 tasi foydalanishga topshirilgan boʻlsa, qolgan obyektlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari avj pallada.
Tumandagi «Uzun koʻcha» MFYni obodonlashtirish aynan ushbu mahalla idorasidan boshlandi. Koʻrimsiz, hech bir qulaylikka ega boʻlmagan MFY binosi “Ixtisoslashgan ziyo qurilish” xususiy korxonasi tomonidan qayta taʼmirlanmoqda.

— Mahallamizda yoʻl qurilishi sohasidagi ishlardan nihoyatda mamnunmiz, — deydi keng qamrovli bunyodkorlik samarasida yangi qiyofaga kirayotgan yana bir mahalla - «Qashqarlik»da yashovchi mehnat faxriysi Nuriddin Olimjonov. — Qishniku, bir amallab oʻtkazib oldik, bahorning yogʻin-sochinida nima qilamiz, degan hadiklarimiz aridi. Boisi, koʻchalarimizga beton qoplamasi yotqizilyapti. 2,5 km masofadagi ariqlarni tozalash ishlari ham koʻngildagidek bajarildi. Bir soʻz bilan aytganda, endi koʻchalarimiz ob-havoning har qanday injiqliklariga tayyor.
Umuman olganda, Izboskan tumanida yuqorida keltirilgan qaror ijrosini taʼminlash doirasida 25 ta obyektda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, 18 ta mahallada ichki yoʻllarni taʼmirlash, shagʻal va beton qoplamasini yotqizish, bitta mahalladagi 20 ta eski elektr sim yogʻochlarini temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari olib borilyapti. Bir paytlar uzoq yillik muammolar girdobida qolgan mahallalar endilikda tumandagi eng zamonaviy, qulay sharoitga ega boʻlgan manzillarga aylanmoqda.
Saminjon HUSANOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring