Italiyani zabt etgan “Boburnoma”
Mamlakatimizda bugun buyuk ajdodlarimiz merosiga qaratilayotgan eʼtibor, ulardan qolgan boy ilmiy adabiy merosni tadqiq etish har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi” qarori ham mana shunday eʼtiborning bir namunasi hisoblanadi. Zero, oʻz buyuk ajdodlarini eʼzozlagan, ularning ilmiy merosi, bunyodkor gʻoyalarini oʻzining maʼnaviy taraqqiyoti mayogʻi oʻlaroq tutgan xalq hech qachon kam boʻlmaydi.
Zaminimiz azaldan buyuk allomalar, mutafakkirlar, oʻz zamonasidan oʻzib ketgan daholar yurti boʻlib kelgan. Qator olimlarimiz dunyo tamadduniga oʻz hissalarini qoʻshishgan, oʻz ilmlari bilan yangi-yangi davrlarni boshlab berishgan. Biri kalom ilmi ustozi, zabardast olim, boshqasi tibbiyot otasi, yana biri muhaddislar sultoni boʻlsa boshqa birlari gʻazal mulkining sultoni. Ana shunday yirik siymolar qatorida Zahiriddin Muhammad Boburning ham oʻz oʻrni bor.
Jahon ilm-fani taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining oʻrni va ahamiyati katta. Xususan, “Boburnoma” XVI asrgacha boʻlgan ijtimoiy-siyosiy tushunchalarni qamrab olgan, barcha sohalarda qimmatli maʼlumotlar beruvchi, oʻzbek xalqining jahondagi boshqa millatlar bilan adabiy-madaniy aloqalari tarixini yoritishga xizmat qiladigan noyob manbadir. Dunyoning oʻttizga yaqin tiliga tarjima qilinishi asarning teran mazmuni, taʼsirchan uslubi hamda ensiklopedik xarakteri bilan belgilanadi. Xususan, Yevropaga “Boburnoma” XVIII asr boshlarida kirib borgan. 1705-yilda ilk bor golland tiliga asardan parchalar tarjima qilinadi va shu orqali “Boburnoma” yevropaliklar orasida mashhur boʻladi. Keyinchalik ingliz tiliga 3-marta, nemis tiliga 4-marta, fransuz tiliga 3-marta tarjima qilinganligi ham asarning jahoniy shuhratidan dalolat beradi. Shu kunlarda Yevropaning yana bir mumtoz davlati – Italiyada ham “Boburnoma”ning italyan tilidagi tarjimasi amalga oshirilgani biz uchun yana bir sovgʻa boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Ushbu nashr oʻzbek va italyan xalqlari oʻrtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi. Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan “Boburnoma” asari yurtboshimizning soʻzboshisi va atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini tomonidan yozilgan kirish soʻzi bilan boshlanadi. Franko Kardini Bobur va boburiylar haqida soʻz yuritarkan, oʻz xalqining, Gʻarb ahlining shu paytga qadar Turon zamindagi millatlarga past nazar bilan qarashganini, aksar holatlarda ularga nohaq zulm qilinganini, oʻzga xalqlarga faqat boylik manbasi sifatida koʻrilgani va bu katta xato boʻlganligini afsus bilan yozadi. “Biz hatto oʻz jinoyatlarimizni tezroq yashirish va oʻzimizni oqlash uchun “tarixi yoʻq xalqlar” degan soxta tushunchani oʻylab topdik. Holbuki, biz ushbu millatlardan zoʻrlik bilan tortib olgan boyliklar aslida ularning haqiqiy, asl va nihoyatda behisob xazinalarining yuzaki, tashqi bir qismi edi, xolos”, – deydi muallif.
Kardini Bobur va uning ijodiga yuksak baho beradi, uni “soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib” deb ataydi. Olimning “Boburnoma” haqida bildirgan fikrlari ham diqqatga sazovordir. U “Boburnoma”ni Yevropaning mashhur asarlari bilan bir qatorga qoʻyadi: “Bu shunchaki tarixiy qiymatga ega boʻlgan kundalik, sayohatnoma, xotira, avtobiografiya, solnomagina emas, balki ushbu muhtasham asar muallif hukmdorning oʻz zamonasida mavjud boʻlgan soxta va balandparvoz adabiy uslublarni inkor etadigan ilmiy-badiiy salohiyatini ham yaqqol namoyon etadi. “Boburnoma”ni oʻqishga jazm qilgan yevropalik kitobxon undan bosh koʻtarolmay qolishi shubhasiz. Shu asnoda insonparvar papa Piy II – Enea Silvio Pikkolominining “Izohlar”i, imperator Pyotr Leopold Gabsburgning avtobiografik mulohazalari beixtiyor xayolga keladi; baʼzan oʻquvchi oʻzini Montenni, baʼzan esa Marko Polo yoki Buyuk Fridrix yoxud Melvillni mutolaa qilayotgandek his etadi”.
Asar italyan tiliga Uiler M.Tekston tarjimasi asosida oʻgirilgan.Tekston tarjimasi haqida gap ketganda, olimlarimiz boshqa inglizcha tarjimalarga qaraganda shoir uslubi va gʻoyasini koʻproq saqlanganligi, avvalgi tarjimalardagi kamchiliklar tuzatilganligi va maʼlumotlarining toʻliq berilganligini eʼtirof etadilar. Asos matn sifatida Tekston tarjimasining olinishini ham italyancha tarjimaning yutugʻi sifatida baholash mumkin.
“Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilinishi, uning jozibasidan koʻproq odamning bahramand boʻlishiga zamin yaratadi, shu bilan birgalikda ushbu tarjimalarni turli nuqtai nazardan oʻrganilishini ham taqozo etadi. “Boburnoma”ning italyancha tarjimasini qiyosiy aspektda oʻrganish, yutuq va kamchiliklariga baho berish bugungi boburshunoslarimiz oldida turgan navbatdagi vazifalardandir.
Dunyo ilm-fani rivojida Bobur asarlarining ilmiy ahamiyatini asoslash, tarjimalarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash borasida koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda. Asarning italyancha tarjimasini oʻzbekcha matn bilan struktur-semantik jihatdan qiyoslash tarjima nazariyasi va amaliyoti jarayonida badiiy asar tarjimasiga qoʻyiladigan tamoyillarni yanada takomillashtirishga hissa qoʻshadi.
Barchamizga yangi tarjima, yangi nashr muborak boʻlsin!
Dilafruz MUHAMMADIYEVA,
Alisher Navoiy nomidagi
oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
dotsenti, boburshunos.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring