Italiyada Ibn Sino asarining qo‘lyozmalari aniqlandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Italiya bo‘ylab xizmat safari davom etmoqda.
Delegatsiya Italiyaning Bolonya universiteti kutubxonasida bo‘lib, Sharq kitobat san’atiga tegishli bo‘lgan ko‘plab arab va fors tillaridagi manbalar, xususan 200 ga yaqin turkiy tildagi qo‘lyozmalar saqlanishi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Kutubxonada buyuk alloma Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub “Tib qonunlari” asarining ikkita qadimiy qo‘lyozmasi saqlanadi. Mazkur qo‘lyozmalar XIV-XV asrlarda ko‘chirilgan. Shuningdek qo‘lyozmalarga mohir rassomlar tomonidan bir qancha miniatyuralar ishlangan. Qo‘lyozmalarda Fransiya Milliy kutubxonasi muhrini ham ko‘rish mumkin.
“Bir paytlar bu kitoblar Fransiya imperatori Napoleon Bonapart tomonidan Parijga olib ketilgan, - dedi kutubxonaning nodir manbalar bo‘limi boshlig‘i Jovanna Flamma. - 1885-yilda italiyalik ma’rifatparvarlarning sa’y-harakatlari natijasida bu durdonalar yana Bolonyaga olib kelingan. Bu esa Yevropada Ibn Sino asarlari qanchalik qadr-qimmatga, muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibn Sinoning ushbu asari Yevropada kitob nashr qilish texnologiyasi paydo bo‘lganidan so‘ng “Injil”dan keyin nashr qilingan ikkinchi manba hisoblanadi. Aynan shu asarning Yevropa tillariga tarjima qilinishi va ko‘plab nusxalarda nashr qilinishi keyinchalik Ko‘hnga qit’ada vabo, o‘lat singari mudhish epidemiyalarga qarshi kurashda qo‘l kelgan, minglab insonlar hayoti saqlab qolingan.
Italiyada saqlanayotgan O‘zbekistonga oid shu kabi noyob qo‘lyozma hamda artefaktlar yurtimizda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring