Istiqbolli kelishuvlar hudud taraqqiyotiga xizmat qiladi

13:35 29 Yanvar 2024 Jamiyat
169 0

Xabaringiz bor, Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari mutasaddilaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safarida boʻlib qaytdi.

Jumladan, Yashnobod tumani hokimi B.Rahmonqulov Xitoyning bir nechta yirik ishlab chiqarish kompaniyalariga tashrif buyurib, mahalliy tadbirkorlar bilan mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadida aniq istiqbolli kelishuvlarga erishdi.

Xususan, Pekinda “China Construction Fifth Engineering Division” va “HYPER FINANCE GROUP” MCHJ rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar hamkorlikni mustahkamlash uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida “Biznes markazlar, zamonaviy turarjoy majmualari va savdo markazlari qurilishini tashkil etish loyihasini”ni tashkil etish borasida 600,0 mln. AQSH dollarlik uch tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Shuningdek, Xitoyning yirik kompaniyalaridan biri — “Tianjin Shengmei Bicycle Co LTD” direktori bilan muloqotda kompaniya joriy yilda Oʻzbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Xitoyga eksport qilishni yoʻlga qoʻyish, chiqindi suvlarni qayta ishlash va velosiped ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istagini bildirdi.

Bu hali hammasi emas. Tashrif davomida kimyo va neft-kimyo sanoati tarmogʻining eng yirik kompaniyasi boʻlgan “Kerui Group Co LTD” faoliyati bilan ham tanishdi. Kompaniya direktori Yashnobod tumani hokimining tashrifidan mamnunligini bildirib, faoliyat yoʻnalishlari hamda ishlab chiqarish obyektlari bilan yaqindan tanishtirdi. Uchrashuv davomida mazkur tarmoqning asosiy kimyoviy moddalar, plastmassa va rezina buyumlar ishlab chiqarish yoʻnalishini Yashnobod tumanida faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumki, Xitoyning “Dongying Yinfeng Import and Export Co.,Ltd” kompaniyasi oʻttiz turdagi kimyoviy elementlardan tarkib topgan qurilishning fasad qismida foydalaniladigan materiallar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Mazkur yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Buni tomonlar oʻzaro investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida 1-bosqichda 2,0 mln. AQSH dollarlik hamda 2-bosqichda 3,0 mln. AQSH dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish boʻyicha xamkorlik kelishuvi imzolanganida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Shuningdek, tuman hokimi B.Rahmonqulov kimyo sanoati tarmogʻining eng yirik — “Dongying Xiantian New Material Co.Ltd” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishib, “Dunʼin — Markaziy Osiyo logistika markazi” loyihasini amalga oshirish maqsadida 10,0 mln AQSH dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish boʻyicha hamkorlik kelishuvini imzolashga erishdi.

Darvove, yana bir yangilik shundaki, kelgusida Yashnobod tumanida quyosh elektr stansiyalari quriladi. Bu haqdagi kelishuv yuqori texnologiyali quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish faoliyati bilan shugʻullanuvchi “China Shuifa Singyes Energy Holdings Limited” kompaniyasi bilan tuzildi.

Gap shundaki, kelgusida umumiy qiymati 714 million AQSH dollari boʻlgan 1 GVt quvvatli 5 ta quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha investitsiya kelishuvi ham imzolandi.

Umuman olganda, Xitoyga xizmat safari davomida Yashnobod tumani iqtisodiyoti uchun har tomonlama foydali hamda samarali shartnomalar tuzildiki, bularning barchasi hudud ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati yaxshilash, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер