Isteʼmolchilarni doimiy qiynaydigan maishiy texnika buyumlari muammosi...

16:12 03 Dekabr 2019 Jamiyat
1686 0

Isteʼmolchiga sotilgan eski televizor mashmashasi

Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi Ye.K shahardagi 8-kichik nohiya hududida joylashgan maishiy texnika doʻkonlaridan biridan “SAMSUNG”-40 rusumli televizorni ikki million bir yuz oltmish besh ming soʻmga sotib olgan. Isteʼmolchiga televizorga tegishli boʻlgan texnik hujjatlar topshirilmagan. Bir oz muddatda mahsulot yaroqsiz xolga kelgan. Shundan soʻng, isteʼmolchi televizorni Chirchiq shahrida joylashgan “SAMSUNG-SENTR” ga olib borgan. Mutaxassislar televizor sotuvdan oldin 2017-yil 17-avgust kuni taʼmirlanganligini aytib, isteʼmolchining kafolat boʻyicha televizorni taʼmirlab berish toʻgʻrisidagi talabini rad etganlar. Isteʼmolchi bu haqida bir necha marta doʻkon sotuvchilariga murojaat qilgan, ammo ulardan qoniqarli javob olmagan, barcha talablari rad etilgan. Isteʼmolchi yangi televizor oʻrniga oldin birovlarga sotilgan, keyinchalik taʼmirlangan, ishlatilgan televizor sotilgan deb gumon qilib, Chirchiq shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Jamiyat xodimlari ushbu murojaatni atroflicha oʻrganib chiqib isteʼmolchining huquqlari chindan poymol boʻlganligini aniqlashdi.

Doʻkon egasiga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq tushuntirish ishlari olib borildi. Ish yakunida isteʼmolchiga “SAMSUNG” yaroqsiz televizori barcha texnik hujjatlari bilan yangisiga almashtirib berildi.

4.700.000 soʻmlik “Smart“ televizor sifatsiz ekan!

“4.700.000 soʻm kam pul emas! Misqollab yiqqan pulimga xarid qilgan televizorim sifatsiz chiqdi. Meni aldab sotishibdi. Isteʼmolchi sifatida huquqlarimni himoya qilishingizni soʻrayman...“ Ushbu mazmunda yoʻllangan murojaat muallifi qanday muammoga duch kelganini koʻpchilik anglab ulgurgan boʻlsa kerak.Fuqaro D.Kamolov oilasiga esda qolarli sovgʻa xarid qilish maqsadida Buxoro shahar Markaziy bozoriga tashrif buyurib, maishiy texnika vositalari doʻkonidan 4.700.000 soʻm naqd pul evaziga “LG” yorligʻi ostida ishlab chiqarilgan smart televizor xarid qiladi. Xariddan mamnun isteʼmolchi televizorni uyga keltirib eʼtibor bilan kuzatganida televizordagi kamchiliklarni aniqlaydi. Bu haqida tadbirkorni ogohlantirishiga qaramasdan, ijobiy javob ololmaydi. Eng soʻnggi najotni Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasidan umid qilgan isteʼmolchi murojaati mazmuni sizga tanish. Yuqorida aks etgan murojaat qisqa fursatda Federatsiya mutaxassisi A.Boboyev tomonidan oʻrganildi va tadbirkorga isteʼmolchi qonuniy huquqlari tushuntirildi. Sifatsiz televizor uchun toʻlangan 4.700.000 soʻm toʻlov isteʼmolchiga toʻliq qaytarildi. Yana bir murojaat isteʼmolchi foydasiga ijobiy xal etildi.

Isteʼmolchini qiynagan yana bir muammo

Chirchiq shahrida yashovchi isteʼmolchi X.Sh. maishiy texnika doʻkonidan “Biryusa”-134 rusumli muzlatgichni 3.200 000 soʻmga sotib olgan. Isteʼmolchiga muzlatgichga tegishli boʻlgan kafolat taloni va boshqa texnik hujjatlar topshirilgan. Qisqa fursatda muzlatgich yaroqsiz xolga kelgan. Isteʼmolchi bu haqida doʻkon sotuvchilariga murojaat qilgan, sotuvchi servis xizmati xodimlarini joʻnatishini aytgan. Muzlatgichni texnika ustasi kelib olib ketgan. Sotuvchi va usta isteʼmolchini ogohlantirmay, uning ishtirokisiz muzlatgichning kompressorini yechib olganlar, oʻrniga Xitoyda ishlab chiqarilgan kompressorni oʻrnatganlar. Isteʼmolchida ushbu xolat “kompressorga hech nima boʻlmagan, ular “rossiyskiy“ motor oʻrniga Xitoy motorini qoʻygan, barcha ehtiyot qismlarini almashtirgan” degan shubha paydo boʻlganligi sababli Chirchiq shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Mazkur murojaat jamiyat xodimlari tomonidan isteʼmolchi va sotuvchilar ishtirokida oʻrganib chiqib, sotuvchilarning nohaqligi aniqlandi va isteʼmolchiga doʻkon rahbariyati tomonidan yangi muzlatgich berildi.

Nosoz telefon yangisiga almashtirilib berildi

Namangan viloyati Chortoq tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish ijro etuvchi apparatiga “Navbahor” MFY “Gʻalaba” koʻchasida yashovchi Turgʻunpoʻlatov Umidjon ogʻzaki murojaat etgan.

Murojaatda Chortoq tuman markazida joylashgan “Iqboljon Jamshid Akobr” MCHJdan “SAMSUNG” A50 qoʻl telefonini 2 920 000 soʻmga sotib olganligi, lekin telefon 15 kun ishlatilmasdan nuqsonli boʻlib chiqqanligi sababli “Iqboljon Jamshid Akobr” MCHJga borib nuqsonini bartaraf etilishini yoki yangi qoʻl telefoniga almashtirib berilishini soʻragan. Lekin fuqaroga rad javobini berishgan.

Holat oʻrganib chiqildi, telefonni nuqsoni borligi aniqlanib, fuqaro U.Turgʻunpoʻlatovga yangi “SAMSUNG” A50 qoʻl telefoniga almashtirib berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер