Issiqxona - tomorqa yerlarida daromad manbai

12:40 22 Dekabr 2021 Jamiyat
1932 0

Foto: Халқ сўзи

Sabzavot, koʻkatlar va koʻchat yetishtirish uchun issiqxonadan foydalanib, daromadli tijorat gʻoyasini amalga oshirish mumkin. Chunki hovlidagi kichik issiqxona ham vaqt oʻtishi bilan barqaror daromad manbaiga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, maqbul sharoitlarda yetishtirilgan yangi, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari doimo dasturxonda boʻladi.

Joriy yil dekabr oyida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari tomorqa yerlaridan yanada samarali foydalanish uchun 40 ta issiqxonani Buxoro viloyati Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanlari qishloq aholisiga yetkazib berishda ana shu tamoyil asos boʻldi. Benefitsiarlar mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj fuqarolar roʻyxati asosida tanlab olindi.

Koʻmak Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan FAO va Global ekologik jamgʻarmaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) loyihasi doirasida amalga oshirildi.

— Yuqori daromad faqat issiqxonani doimiy takomillashtirish va bosqichma-bosqich kengaytirish orqali olinishi mumkin, — deydi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.— Bu esa ekinlarlarni ekish va toʻgʻri parvarish qilish boʻyicha maʼlum koʻnikma, malaka va bilimlarni talab etadi. Shu bois issiqxonalar qurib berilgandan soʻng darhol ularning egalari uchun maxsus treninglar oʻtkazdik va qishloq aholisiga issiqxonani boshqarishning barcha jihatlarini oʻrgatdik.

Bu qishloq uy xoʻjaliklari uchun sezilarli yordam boʻldi. Bundan buyon ular yer uchastkalaridan yil davomida unumli foydalana oladilar, oziq-ovqat bilan oʻzini-oʻzi taʼminlash, shuningdek, qoʻshimcha daromad olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bir vaqtning oʻzida, ushbu tadbir bilan bandlikni taʼminlashga ham hissa qoʻshildi.

Taʼkidlash joizki, loyiha doirasida 2021-yil davomida benefitsiarlarga 108 ta issiqxona ajratilgan. Yaqinda topshirilgan issiqxonalardan tashqari, yanvar oyida Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy-iqtisodiy koʻmak sifatida 34 ta issiqxona tomorqa yer egalariga topshirilgan edi. Shuningdek, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi, FAO, Xalq taʼlimi vazirligi va Prezident taʼlim muassasalari agentligi tashabbusi bilan “Zamin Eco-Education” dasturining “Yosh fermer” yangi loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ekomaktablarga 22, bolalar bogʻchalariga 12 issiqxona qurib berildi. Ushbu issiqxonalarda oʻquvchilarning atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

CACILM-2 loyihasi qishloq aholisiga yordam koʻrsatishni davom ettirmoqda va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер