Isroilning Gʻazoga qilgan hujumlari oqibatida yana ikki nafar jurnalist halok boʻldi
Kecha, 24-mart kuni Isroilning Gʻazo sektoriga uyushtirgan hujumlari natijasida “Al Jazeera” telekanali jurnalisti Xussam Shabat va “Palestine Today” gazetasi muxbiri Muhammad Mansur halok boʻldi.
Jurnalist Xussam Shabatning vafotiga guvoh boʻlgan shaxslarning taʼkidlashicha, u oʻzining shaxsiy avtomobilida harakatlanayotgan chogʻda Isroil harbiylari tomonidan nishonga olingan.
Maʼlum boʻlishicha, 23 yoshli jurnalist Xussam Shabat Isroilning avvalgi hujumlaridan birida ham yaralangan, biroq u oʻz vazifasini bajarishni xohlab, Gʻazodagi yangiliklarni yoritishda davom etgan.
Yana bir “Al Jazeera” muxbiri Tariq Abu Azzoumning taʼkidlashicha, Isroil harbiylari hech qanday oldindan ogohlantirishlarsiz jurnalist Shabat va uning avtomobilini nishonga olgan.
«Soʻnggi 18 oylik urush davomida har bir daqiqamni oʻz xalqimga bagʻishladim. Men Gʻazo shimolidagi dahshatlarning har bir lahzasini hujjatlashtirib oldim va ularni dunyoga ochiqlashga harakat qildim.
Men yoʻlaklarda, chodirlarda, vayron boʻlgan maktablarda uxladim, oylar davomida ochlikka chidadim, tirik qolish uchun kurashdim. Hech qachon xalqim yonidan ketmadim.
Agar siz buni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak men Isroil ishgʻol kuchlari tomonidan oʻldirilganman, ehtimol nishonga olinganman. Barcha falastinliklardan uzr soʻrayman. Gʻazo xalqi gapirishdan toʻxtamang. Falastin ozod boʻlguniga qadar kurashing», — deb yozgan Xussam Shabat oʻlimidan oldin “X” ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida.
Bundan tashqari, Isroilning dushanba kungi hujumlari oqibatida “Palestine Today” gazetasi muharriri, jurnalist Muhammad Mansur ham halok boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, jurnalist Muhammad Mansur oʻz uyida, rafiqasi va farzandi bilan birga hech qanday ogohlantirishlarsiz hujumga uchragan hamda vafot etgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi tomonidan eʼlon qilingan hisobotlarda mazkur urush natijasida halok boʻlgan falastinlik jurnalistlar soni 150 nafardan ortgani haqida xabar qilingan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring