Isroil havo hujumida suv olish uchun navbatda turgan bolalar halok boʻldi. Isroil buni “texnik xato” dedi
Foto: Getty Images
Yakshanba kuni Isroilning Strip markazida havo hujumi oqibatida 10 kishi, jumladan, olti nafar bola halok boʻldi. Bolalar suv olish uchun navbatda turgan boʻlgan. Bu haqda Gʻazo favqulodda vaziyatlar rasmiylari maʼlum qildi.
“Nuseyratdagi Al-Avda kasalxonasiga oʻn olti yarador, jumladan, yetti bola ham olib kelindi”, — deydi shifoxona shifokori.
Isroil harbiylari “Islomiy Jihod” guruhidan “terrorchilar” deb taʼriflagan odamlarni nishonga olishda “texnik xato” boʻlganini aytdi. “Zarba vaqtida oʻq-dorilar nishondan bir necha oʻn metr uzoqlikda kelib tushgan va hodisa tergov qilinmoqda”, — deyiladi yahudiy davlati mudofaa kuchlari bayonotida.
Isroil mudofaa kuchlari, shuningdek, zarba natijasida hududdagi qurbonlar haqidagi daʼvolardan xabardor ekanini bildirdi. Qoʻshimcha qilinishicha, “iloji boricha” tinch aholining qurbon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilinmoqda va “begunoh fuqarolarga yetkazilgan har qanday zarardan afsusda”.
Gʻazoda yana nima sodir boʻlmoqda
Guvohlarning xabar berishicha, Isroil harbiylari Nuseyrat qochqinlar lageridagi suvga navbatda turgan olomonga raketa bilan zarba bergan. Hujumdan keyin paydo boʻlgan videolarda qonga belangan bolalar va jasadlar aks etgan. Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan aholi jarohatlanganlarni mashina va eshak aravalarida kasalxonaga yetkazgan.
Gʻazo fuqarolik mudofaasi vakilining maʼlum qilishicha, yakshanba kuni anklav markazida va Gʻazo shahridagi turar-joy binolariga uyushtirilgan hujumda yana 19 nafar falastinlik halok boʻlgan.
Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining xabar berishicha, shanba kuni Rafahdagi dala kasalxonasiga oʻq jarohatlari bilan 132 bemor yotqizilgan, ulardan 31 nafari vafot etgan.
Qoʻmita bemorlarning koʻpchiligi oʻqdan jarohat olganini va sodir boʻlgan voqea haqida aniq maʼlumot bera oladiganlar oziq-ovqat tarqatish punktlariga borishga harakat qilishganini aytdi. Maʼlum qilinishicha, 27-may kuni yangi oziq-ovqat tarqatish punktlari ochilganidan beri shifoxonada 3400 dan ortiq yarador davolangan, 250 dan ortiq oʻlim qayd etilgan. Bu oʻtgan yildagi jami qurbonlar sonidan koʻp.
“Ommaviy qurbonlar, bu hodisalarning xavotirli chastotasi va koʻlami Gʻazoda tinch aholi duch kelayotgan dahshatli sharoitlarni koʻrsatadi”, — deyiladi qoʻmita xabarida.
Shanba kuni Gʻazo janubidagi Nosir kasalxonasi yordam tarqatish punkti yaqinida 24 kishi halok boʻlgan. U yerda guvohlarning aytishicha, odamlar oziq-ovqat olishga harakat qilganda Isroil askarlari oʻt ochgan. Isroil mudofaa kuchlari voqea joyi yaqinidagi otishmada qurbonlar haqida maʼlumotga ega emasligini bildirdi. Isroil harbiy amaldorining aytishicha, harbiylar xavf tugʻdiradi, deb hisoblagan odamlarni tarqatish uchun ogohlantiruvchi oʻq uzilgan.
Oziq-ovqatga kelganlarning achchiq qismati
Juma kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi shu paytgacha yordam olish bilan bogʻliq 789 oʻlimni qayd etganini aytdi. Shundan 615 tasi Gʻazo gumanitar jamgʻarmasi yaqinida sodir boʻlgan. Gʻazo gumanitar jamgʻarmasi shu yilning 27-may kuni ochilgan, AQSH va Isroil tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va Gʻazo janubi va markaziy qismidagi harbiy zonalarda AQSH xususiy xavfsizlik kompaniyalari tomonidan boshqariladigan obyekt hisoblanadi.Yana 183 kishi BMT va boshqa yordam kolonnalari yaqinida halok boʻlgan.
Oʻz navbatida, Gʻazo gumanitar jamgʻarmasi BMTni HAMAS nazoratidagi Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligining “yolgʻon va chalgʻituvchi” statistik maʼlumotlaridan foydalanganlikda aybladi.
Jamgʻarma rahbari Jonni Mur avvalroq “BBC”ga bergan intervyusida u yordam koʻrsatilayotgan joylar yaqinida oʻlimlar boʻlganini inkor etmagan, biroq “bu qurbonlarning 100 foizi jamgʻarma yaqinida sodir boʻlganini haqiqatga toʻgʻri kelmaydi” degandi.
Isroil 2023-yilning 7-oktyabr kuni HAMASning hujumiga javoban Gʻazoda harbiy operatsiya boshlagandi. Oʻshandan beri, Gʻazoda kamida 57 882 kishi halok boʻlgan. Gʻazo aholisining aksariyati bir necha bor uylarini tark etishga majbur boʻlgan.
Anklavdagi uylarning 90 foizdan ortigʻi buzilgan yoki vayron boʻlgan. Sogʻliqni saqlash, suv, kanalizatsiya va gigiyena tizimlari yaroqsiz holatda, oziq-ovqat, yoqilgʻi, dori-darmon va boshpana yetishmaydi.
Bu hafta Isroil 130 kun ichida birinchi marta Gʻazoga 75 000 litr yoqilgʻi olib kirishga ruxsat berdi, bu BMTning taʼkidlashicha, “aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish va tinch aholiga yordam koʻrsatish operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun yetarli emas”.
Shanba kuni BMTning toʻqqizta agentligi Gʻazoda yoqilgʻi taqchilligi “kritik darajaga” yetganini va uning tugashi shifoxonalar, suv tizimlari, sanitariya tarmoqlari va novvoyxonalarga taʼsir qilishidan ogohlantirdi.
“Kasalxonalar allaqachon quvvatsiz, tugʻruq, neonatal va reanimatsiya boʻlimlari ishlamayapti, tez yordam mashinalari harakatlana olmaydi”, deyiladi BMT bayonotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring