Ism berishda qoidalar bormi? DXA izoh berdi

08:05 19 Dekabr 2020 Jamiyat
2960 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ism, familiya, ota ismini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan turli muhokamalar avj oldi.

Davlat xizmatlari agentligi ushbu masala yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

Albatta, har bir ota-ona farzandiga istagan ism qoʻyishga haqli, lekin buning bir-ikkita jihatlari bor. Mamlakatimizda ushbu nyuanslar Oila kodeksi bilan tartibga solinadi.

Masalan, chaqaloq ismini ota-onaning birga maslahatlashib tanlashi mumkin. Ota ismi – otasining ismiga koʻra berilishi shundoq ham tushunarli. Familiya odatda ota-onaning familiyasiga qarab, ularning familiyalari har xil boʻlsa, kelishgan holda otasining yoki onasining familiyasi beriladi.

Yana bir eʼtiborga molik tomoni shundaki, ota-onaning xohishiga koʻra, milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 226-moddasida familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish tartibi haqidagi qoidalar ifoda etilgan.

Unga koʻra, fuqaroning familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasi oʻn olti yoshga toʻlgandan keyin oʻzi yashab turgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan koʻrib chiqilishi, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan oʻtkazilgandan keyingina tuzilishi mumkinligi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.

Ariza beruvchi 16 yoshga toʻlgach turar joydagi FHDYO organiga yuqoridagi masala yuzasidan ariza berishi mumkin.

Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizaga:

ariza beruvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi; agar ariza beruvchi nikohda turgan boʻlsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan boʻlsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi; agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, u holda bolalarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari; ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan koʻchirma; agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi; 1 dona (3x4 oʻlchamli) fotosurat ilova qilinadi.

Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar FHDYO boʻlimlari tomonidan quyidagi hollarda koʻrib chiqiladi:

“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan;

sudning hal qiluv qarori asosida;

agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz boʻlsa;

agar familiya va ism millatiga toʻgʻri kelmasa;

xohishga qarab nikohgacha boʻlgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;

oila uchun umumiy familiyada boʻlish istagi paydo boʻlganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan boʻlsa);

16 yoshga toʻlgan shaxsga otalikni belgilashda.

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan Davlat boji stavkalariga koʻra, 18 yoshgacha familiya, ism va ota ismini oʻzgartirganlik uchun BHMning 50 foizi miqdorida 18 yoshdan yuqori shaxslarga BHMning 100 foizi miqdorida davlat boji hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012-yil 25-apreldagi “Gerbli guvohnomalar shakllarini va ularni berganlik uchun gerb yigʻimi miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 119-sonli qaroriga asosan BHMning 15 foizi miqdorida har bir gerbli guvohnoma uchun gerb yigʻimi undirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, agar shaxs ismiga “-xon», “-xoʻja», “-xoji», “-bek», “-bonu», “-bibi», “-begim», “-zoda», “mir-“, «abdu-“ qoʻshimchalarini, ota ismini yozishda “-yevich”, “-ovich», “-yevna», “-ovna», “qizi”, “oʻgʻli”, “-iy», “-zoda» qoʻshimchalarini kiritishni yoki shu kabi qoʻshimchalarni olib tashlashni istasa, bu holat shaxsning yoshidan qatʼiy nazar, dalolatnoma yozuviga qoʻshimcha kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Familiya, ism va ota ismini oʻzgarishi ariza beruvchi shaxslarning voyaga yetmagan farzandlarining tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishiga olib keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер