Buxoroda “Islom tamadduni namoyondalari xiyoboni” barpo etilmoqda
Foto: Xalq so'zi
Ko‘hna Buxorodan yetishib chiqqan olimu fuzalolar, avliyo – anbiyolar, allomalar nomini sanab adog‘iga yetish mushkul.Ularning har biri ustozlik maqomiga erishib, yozgan asarlari bilan diniy va dunyoviy bilimlar dengiziga jilg‘a misol singib ketishgan.
- Mana, Abu Bakr Kalobodiyni olib ko‘ring,- deydi O‘zFA Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, sharqshunos – manbashunos Komiljon Rahimov. - Manbalarda 990 yoki 995 yili vafot etganligi aytilgan bu alloma Buxoroning Kalobod mahallasida tug‘ilgan.Kalobod – aslida Gulobod nomining arabchalashgan ko‘rinishi.Arab alifbosida «g» tovushini ifodalaydigan harf bo‘lmaganligi sababli bu nom Kalobod shaklida yozilgan. Shundan kelib chiqqan holda, hozirgi zamon o‘zbek sharqshunoslari Kalobodiyni Gulobodiy deb ham eslatishadi. Bu buyuk ajdodimiz zabardast hadisshunos sifatida tanilgan.Turli manbalarda uning «Arba’in fil hadis» va «Amoli fil hadis» kabi asarlar yozgani, shuningdek, Imom Buxoriyning «Jome’ us-sahih» kitobiga sharh bitgani eslatib o‘tilgan.
Bizgacha yetib kelgan va «Ma’oniy ul-axbor» nomi bilan ham shuhrat topgan hadisga oid «Bahr ul-favoyid» nomli kitobi uning bu boradagi eng yirik asarlaridan hisoblanadi. Ushbu kitob besh yuz to‘qson ikki hadisni o‘z ichiga oladi. Boshqa bir manbada keltirilishicha, «Ma’oniy ul-axbor»da bir-biriga o‘xshash yoki bir-biriga zid keladigan turli xabarlar va hadislar orasidan tadqiq, taqqoslash va muvofiqlashtirish orqali tanlab olingan ikki yuz yigirma ikki hadis keltirilgan.Abu Bakr Kalobodiyning ma’naviy merosi, uning tarbiyaviy ahamiyati haqida uzoq so‘z yuritish mumkin.
Shu nuqtai nazardan Buxoroda “Islom tamadduni namoyondalari xiyoboni” barpo etilayotgani ayni muddao.
Ma’lumotlarga qaraganda, xiyobonda Abu Hafs Kabir, Abu Bakr Kalobodiy, Mustamliy Buxoriy, Hazrat Poyanda Muhammadshoh Axsaviy singari islom dini, tasavvuf fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan allomalarning memoriallari, hunarmandchilik markazi, mehmonxona, kutubxona, anjumanlar zali, shuningdek, masjid barpo etiladi.Ayni damda ikki ming nafar namozxonga mo‘ljallangan masjid qurilishi olib borilmoqda.Uning me’moriy ko‘rinishida shu hududda XIII asr oxirida barpo etilgan Sayfiddin Boxarziy maqbarasi hamda Buyonqulixon maqbarasidagi sharqona naqshlardan andaza olinadi.Xiyobonning “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar – joylar markazi yaqinida barpo etilayotgani esa uning nafaqat sayyohlar hordiq chiqaradigan, balki mehmonlarning milliy va diniy qadriyatlarimizga oid bilim va tushunchalarini boyitadigan go‘shaga aylanishidan dalolat beradi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring