Islohotlar xalqni tinglashdan boshlangani oʻzining samaralarini beryapti

12:12 24 Iyul 2021 Jamiyat
555 0

Davlat idoralari fuqaroni tinglasa, muammolarini hal etishga intilsa, uning kayfiyati koʻtariladi, yashashga, kelajakka ishonchi yuksaladi. Qolaversa, mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimining yangicha tartibda joriy etilgani bugun oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. 2016-yil 28-dekabrda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha Prezident farmoni qabul qilingani va Ushbu farmonga muvofiq tashkil etilgan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarning tashkil etilgani hukumat va xalq oʻrtasidagi uzviy aloqani yana-da mustahkamladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-iyulda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan shu kabi masalalar, xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish borasidagi takliflar oʻrtaga tashlandi. Videoselektorda taʼkidlanganidek, bugungi kunda aholi murojaatlari tahlil etilganda, valyuta ayirboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalariga oid murojaatlar butunlay toʻxtagan. Albatta, bu borada aholi talabiga mos tarzda ish tizimi joriy etilgani oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.

Yigʻilishda bugungi kunda eng koʻp murojaatlar elektr energiyasi va gaz taʼminoti, bandlik, uy-joy, yer, tibbiy xizmat va xalq taʼlimi masalalari boʻyicha boʻlayotgani aytilib, bu muammolarni yechishda keskin chora-tadbirlar koʻrilishi belgilandi. Prezidentimiz endilikda murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilanishini aytib oʻtdi.

Shuningdek, barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni roʻyxatga olish, ularni koʻrib chiqish va natijasini nazorat qilish boʻyicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. U orqali monitoring yuritilib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy maʼlumot kiritiladi hamda tanqidiy muhokama qilib boriladi. Shu bilan birga aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalarni hal etish boʻyicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda islohotlar eng avvalo xalqni tinglashdan boshlanayotgani murojaatlarni tez va samarali hal etilishida muhim oʻrin egallamoqda. Zero, yurtimizda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani xalq va davlat oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash bilan birga aholining yurt istiqboliga va mamlakat taraqqiyotiga ishonchini yana-da yuksaltirmoqda.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер