Ishtixonda yangi aylanma yoʻl va zamonaviy koʻprik foydalanishga topshirildi

12:00 12 Aprel 2026 Jamiyat
433 0

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida muhim infratuzilma loyihasi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Tuman markazini Mitan shaharchasi bilan bogʻlovchi, shuningdek M-37 xalqaro avtomobil yoʻliga tutashuvchi 4 kilometr uzunlikdagi “Afrosiyob” aylanma yoʻli hamda uzunligi 73 va eni 15 metr boʻlgan zamonaviy koʻprik barpo etildi.

Mazkur obyektlarning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Adiz Boboyev, Respublika bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, tuman jamoatchiligi vakillari, nuroniylar ishtirok etdilar. Tadbirda hududlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, 40 milliard soʻm mablagʻ evaziga amalga oshirilgan ushbu loyiha natijasida Ishtixon tumani markazidagi tirbandliklar 40 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, tranzit yuklar harakatini tartibga solish va tezlashtirish uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratiladi.

Yangi yoʻl va koʻprik nafaqat transport oqimini yengillashtiradi, balki aholining kunlik qatnovida ham ancha qulayliklar yaratadi. Natijada fuqarolar oʻz manzillariga tezroq yetib borish imkoniga ega boʻladilar. Shu bilan birga, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon va Payariq tumanlariga qatnovchi transport vositalari hamda tranzit yuklarini xavfsiz va tez yetkazish taʼminlanadi.

Qurilish ishlari doirasida uzunligi 3,5 km va kengligi 2 metr boʻlgan velo va piyodalar yoʻlaklari, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus moslashtirilgan yoʻlaklar, 155 dona quyosh panellari asosida ishlovchi tungi yoritish chiroqlari, 2 ta zamonaviy avtobus bekati barpo etildi.

Foydalanishga topshirilgan yangi infratuzilma obyektlari hudud iqtisodiy faolligini oshirish, logistika tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Tadbirda zamonaviy aylanma yoʻl va koʻprik barpo etilishida faol ishtirok etgan quruvchilarga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер