Ishsizlik nafaqasi undirib berildi

13:40 17 Iyul 2024 Jamiyat
262 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Inson qadrini ulugʻlash va uning manfaatlarini muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar shu qadar koʻlami kengki, huquqiy maʼlumotga ega boʻlmagan kishi ulardan foydalana olmaydi. “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 51-moddasida ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan birinchi kundan eʼtiboran toʻlanishi belgilab qoʻyilgan. Shu qonunning 52-moddasida ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxsning avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yildagi oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foizda belgilanishi, boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan foizda belgilanishi nazarda tutilgan.

Nurota tumanida yashovchi Toʻynazar Rahmonov adliya idoralarining sayyor qabuliga qadar mazkur moddalarda belgilangan huquqlarga ega ekanligini bilmasdi. Uning murojaati asosida tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga taqdimnoma kiritilib, 25 million soʻmdan ortiq nafaqa pullari undirilishi taʼminlandi.

Tumanning “Alisher Navoiy” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Tolibovaning tugʻish taʼtili davri uchun qonunchilikda belgilangan nafaqa toʻlovlari toʻlab berilmaganligi adliya ish yurituviga olinib, toʻlanmay qolgan 26 998 000 soʻm miqdordagi pul mablagʻlari toʻlab berilishi taʼminlandi.

— Shuningdek, tumandagi korxona va tashkilotlarda oʻtkazilgan huquqiy targʻibot kuni tadbirlari doirasida Nurota tuman tibbiyot birlashmasida ishlovchi F.Roziqova, A.Amonova va M.Mahkamovalarning xizmat safari pullari toʻlab berilmayotgani aniqlandi, — deydi Nurota tuman adliya boʻlimi boshligʻi Umid Suvonov. — Maʼlum boʻlishicha, ular Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filialida malaka oshirgan, tegishli sertifikatlarni tuman tibbiyot birlashmasiga taqdim etgan boʻlsada, toʻlovlar amalga oshirilmagan.

Adliya idorasining aralashuvi bilan tuman tibbiyot birlashmasining 95 nafar xodimiga malaka oshirish kursida oʻqiganligi uchun xizmat safari xarajatlari toʻlab berilmagani aniqlanib, kiritilgan taqdimnomaga asosan 144 723 800 soʻm xizmat safari pullari undirib berilishi taʼminlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер