Ishonchli boshqaruvchi ishonchni oqlayaptimi?

15:07 14 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
2098 0

Illyustrativ foto

Xabaringiz boʻlsa kerak, joriy yilning iyul oyida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushi ishonchli boshqaruvchi “SFI Management Group” kompaniyasiga topshirilgan edi.

Xoʻsh, u mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatidagi yirik ishlab chiqarish subyektlaridan biri hisoblangan mazkur korxona hayotida qanday oʻzgarishlar yasamoqda?

Binobarin, kompaniya oldiga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilingan holda, qisqa muddat ichida ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar sifatini yaxshilash hamda ularning turini koʻpaytirish vazifalari belgilab berilgan edi.

Toshkent shahrida tashkil etilgan matbuot anjumanida asosiy eʼtibor ularning ijrosiga qaratildi.

—Ishonchli boshqaruvchi “SFI Management Group” kompaniyasi tomonidan, eng avvalo, mahalliy va chet ellik olimlar, shuningdek, soha ekspertlari jalb qilinib, kombinatning real ishlab chiqarish holati oʻrganildi, — deydi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati istiqbolli rivojlantirish va investitsiyalar boʻyicha boshqaruvi raisi oʻrinbosari Zohidjon Ishmuhamedov. — Shu asosda uning faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan istiqbolli dasturlar ishlab chiqildi, aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, 2022 yilgacha strategik ahamiyatga ega loyihalarga 500 million AQSH dollaridan ortiq investitsiyalar jalb etish moʻljallanmoqda. Vaholanki, oxirgi 10 yil davomida umumiy qiymati 1 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilgan.

Aytish joizki, qariyb 70 yillik tarixga ega kombinat tomonidan yer osti boyliklari, asosan, ochiq usulda qazib olinib, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilyapti. Keyingi paytda faoliyat yoʻnalishi yanada kengaytirilib, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida muhim qurilish ashyosi — sement tayyorlash ham oʻzlashtirilgani diqqatga sazovor.

Endilikda yangi konlarni oʻzlashtirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Gap shundaki, oʻrta va uzoq istiqbolda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod boʻlgan beshta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Masalan, qiymati 1,7 milliard dollarlik “Yoshlik I” koni oʻzlashtirilib, qazib olish hajmi 2027 yilda belgilangan quvvatga chiqarilsa, “Qizil olma” konida “Samarchuk” va “Mejdurechye” yer osti konlari quriladi.

Ushbu loyihalar sharofati bilan rudani qazib olish hajmi oʻrtacha 26 million tonnaga koʻpaytiriladi. Natijada 6 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilib, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarish surʼati ham ortadi.

Said RAHMONOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер