Ishga joylashishda ingliz tilining ahamiyati qanday?

11:33 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
1149 0

Britaniya Kengashi tomonidan “Oliy taʼlimda ingliz tilining oʻrni va bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga taʼsiri” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Tadbirda turli mamlakat oliygohlari vakillari, respublikamizda mavjud turli universitetlar rahbarlari, talabalar, yosh tadqiqotchilar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Bugun ishga joylashishda yosh xodimlardan kompyuter savodxonligi bilan birga xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini bilishi eng muhim jihatlardan biriga aylangan. Shunday vaziyatlarda bitiruvchilarning arosatda qolmasligi uchun oliygohda atroflicha saboq berilishi, amaliyotda bevosita til koʻnikmalarini oshirish, xorijiy tajriba bilan tanitish lozim. Tadbirda ana shu jihatlar haqida atroflicha soʻz yuritildi.

Anjumanda Britaniya Kengashi tomonidan “Ishga joylashishda oliy taʼlimning oʻrni” deb nomlangan yangi dasturning ishga tushirilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Ushbu uch yillik dastur yetti mamlakat (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina va Turkiya)ning oliy taʼlim muassasalarini qamrab olgan. Loyiha oliy taʼlimda ingliz tilining oʻrni, taʼlim sifati, bitiruvchilar bilim va koʻnikmalarining mehnat bozori talablariga muvofiqligini taʼminlash kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.

Bunda nafaqat talabalarga ingliz tilini yanada chuqur oʻrgatish, balki oʻqituvchilarning ham bilim va koʻnikmalarini oshirish koʻzda tutilgan.

— Loyiha doirasida nafaqat markaziy oliygohlarda, balki barcha hududlardagi universitetlarga borib, talabalarga treninglar oʻtkazish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, ularni xalqaro tajriba bilan yanada yaqindan tanishtirish kabi vazifalar koʻzda tutilgan. — deydi Toshkentdagi Britaniya Kengashi rahbari Rechel Irland. — Bu kabi keng koʻlamli tadbirlar nafaqat taʼlim tizimining rivojlanishiga, balki oliygoh bitiruvchilarining kelgusida ishga joylashishida ham imkoniyat yaratadi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер