Ish izlovchidan ish beruvchiga aylandim — Roʻzimuhammad Mashrapov
Foto: Xalq soʻzi
Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida joylashgan “Soʻfilar” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Roʻzimuhammad Mashrapov qariyb 13 yildan buyon Rossiya Federatsiyasining Kaleningrad shahrida qurilish sohasida ishlab yurgan edi.
Vatandan, oilasidan yiroqda mehnat qilayotgan yurtdoshimizga yurtimizda ishlab yaxshi daromad topish uchun imkoniyatlar kengayib borayotgani haqida tavsiyalar berildi. Qadrdon oilasi bagʻriga qaytgan Roʻzimuhammad Mashrapov avvaliga oʻz mablagʻi hisobiga yangi usulda “penablok” gʻishtlarini ishlab chiqaruvchi uskunalarni sotib olib, xonadonida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydi. Yoniga oʻgʻli va ikki nafar ishchini olib, astoydil harakat qilayotgan tadbirkor mahsulotning xaridorgirligi va topayotgan daromadidan mamnun.
— Oʻz Vataningda, oilang bagʻrida boʻlish va elga naf keltirish katta baxt ekanini bugun aniq his qilyapman, deydi u. —Uzoq oʻlkalarda mehnat qilib topgan pulingdan oʻz mahallangda, oʻzingni tadbirkorligingdan kelgan pul barakali boʻlar ekan.
Qishda issiq, yozda muzdek saqlovchi penablok gʻishtlarini ishlab chiqarishni boshlagan tadbirkorga mahalladoshlaridan koʻplab buyurtmalar tushmoqda. Bundan tashqari, ichki bozorga ham mahsulot yetkazib berishni yoʻlga qoʻyganligi tadbirkorning daromadi koʻpayib faoliyatini yanada kengaytirishiga sababchi boʻlyapti.
Tadbirkorning uyiga kelib, faoliyatini oʻrgangan mahalla mutasaddilari imtiyozli kredit olishni ham tavsiya qilishdi. Bu mablagʻ evaziga ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish, qoʻshimcha ishchi oʻrni yaratish barobarida oʻzi kabi olis yurtlardan qaytgan vatandoshlarini ham ish bilan taʼminlashi mumkinligini aytib oʻtishdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring