Iqlim oʻzgarishi: mushtarak maqsad va integratsiya ehtiyoji

15:53 23 Fevral 2024 Jamiyat
559 0

Illyustrativ foto

Bugun sayyoramizda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolar tobora global ahamiyat kasb etib borayotir. Dunyo mamlakatlari sanoati tez surʼatlarda rivojlanishi, tabiat neʼmatlaridan oqilona foydalanmaslik, atmosferaga katta miqdorda “issiqxona gazlari” chiqarilishi iqlim oʻzgarishiga olib kelayotgani barchaga yaxshi maʼlum. Bu esa, oʻz navbatida, jahonning turli nuqtalarida yilning toʻrt faslida ham haroratning keskin oʻzgarishi, boʻronu toʻfon, qurgʻoqchilik, choʻllanish, yerlar degradatsiyasi, oʻrmon yongʻinlari kabi ekologik muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.

Jahon hamjamiyati ushbu muammoning oldini olish uchun hamkorlikda qator chora-tadbirlarni amalga oshirayotir. Xususan, global tahdidlarning oldini olish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasiga bagʻishlangan konferensiyaning 21-sessiyasida Parij bitimi qabul qilindi. BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasida atmosferaga “issiqxona gazlari” chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim oʻzgarishlariga moslashish boʻyicha aniq yoʻnalishlar belgilandi.

Oʻzbekistonning muhim tashabbuslari
2017-yil 19-aprelda Oʻzbekiston Parij bitimini imzoladi, 2018-yil 2-noyabrda ratifikatsiya qildi. Yangi kelishuvning eʼtiborli jihatlaridan biri shundaki, unda rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda rivojlanayotgan davlatlar ham atmosferaga tashlamalar miqdorini kamaytirish majburiyatini olishi belgilab qoʻyildi. Kelishuvning asosiy maqsadi “issiqxona gazlari” tashlamalarini sezilarli darajada kamaytirib, sayyoramizda global isishni sanoat rivojlanish davridagi oʻrtacha haroratga nisbatan Selsiy koʻrsatkichi boʻyicha 1,5-2 daraja chegarasida ushlab turishga erishishdan iborat.

Global muammoga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha nufuzli xalqaro sammitlarda Prezidentimiz muhim taklif va tashabbuslar bildirib kelmoqda. Misol uchun, 2023-yilning 1-dekabr kuni Dubayda boʻlib oʻtgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP28)ning asosiy yalpi sessiyasida ham davlatimiz rahbari bir qator takliflarni ilgari surdi. Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirib, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasi doirasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasining ahamiyatini alohida qayd etdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari “Yoʻqotish va zararlar” global jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha qabul qilingan qarorni yuksak baholadi.

Bu kabi tashabbuslar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim oʻzgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi. Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish adolatli, shaffof va inklyuziv boʻlishi zarurligi, albatta, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari inobatga olinishi muhimligi qayd etildi. Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan, “Katta yettilik” va “Katta yigirmatalik” formatlarida muhokama qilib borish taklif etildi.

Oʻz navbatida, Shavkat Mirziyoyev Orolboʻyi hududini innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun bu yerda ilgʻor bilim, tajriba va yechimlarni qoʻllash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishni taklif etdi, ushbu jarayonda barchani yaqin hamkorlikka chorladi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Ayni yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni huquqiy asos boʻladi.

Hayot-mamot masalasi
Maʼlumotlarga koʻra bugungi kunda yurtimizda 2-3 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 mlrd. kVt-soatga oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda tadbirkorlik subyektlarida muqobil energiya manbalaridan foydalanishni koʻpaytirishdir.

Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq aholi hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim shakllantirilib, 2024-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish, 20 mingta ijtimoiy soha obyekti va davlat idorasida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish belgilandi.

Yurtimizda yoz faslida havo sovitish uskunalariga boʻlgan talab kuchayib, qoʻshimcha elektr energiya sarfi ortadi. Xalqaro energiya agentligi (IEA) maʼlumotlariga qaraganda 2050-yilga borib dunyodagi konditsionerlarning taxminiy miqdori hozirgi kundagi 1,6 milliarddan 5,6 milliard donagacha yetadi. Shu tariqa 2050-yilga borib ushbu konditsionerlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun sarflanadigan manbani ishlab chiqaruvchi koʻmir va gaz elektr stansiyalaridan chiqadigan “issiqxona gazlari” yiliga 2,28 milliard tonnagacha ortadi. Buning natijasida atmosferaga chiqariladigan “issiqxona gazlari” havoning global darajada isib ketishiga sabab boʻladi.

Hozirgi kunda dunyo mamlakatlari orasida AQSHda eng koʻp — 90 foiz oilada konditsioner mavjud. Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi aholining faqat 8 foizi konditsionerlarga ega. Demak, oilalarning muqim daromad manbai oʻsib borgani sayin bu kabi qulayliklarga boʻlgan imkoniyat ortib boraveradi.

Muammoning yagona yechimi — elektr energiyani quyosh va shamol hamda gidroelektr stansiyalari kabi innovatsion usullar yordamida ishlab chiqarish hisoblanadi. Ayni sohada yurtimizda olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar doirasida 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyati hamda 2022-yilning mayida Samarqand viloyatida har birining quvvati 100 megavattga teng boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu ikki stansiyaning faoliyati natijasida atmosferaga yiliga iqtisod qilingan tabiiy gaz yonishidan tashlanishi mumkin boʻlgan 260 ming tonna “issiqxona gazlari”ning oldi olinadi.

2023-yilning 27-dekabr kuni umumiy quvvati 2 400 MVt boʻlgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyasi tarmoqqa ulandi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchta quyosh fotoelektr stansiyasining birinchi bosqichi uchun rejalashtirilgan qurilish ishlari hamda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi yakuniga yetkazildi va ishga tushirildi. Shuningdek, Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.

Umuman, mamlakatimizda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishning amaliy chora-tadbiri sifatida muqobil energiyadan keng foydalanishni ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayni jarayonda muqobil energiya manbalarini kengaytirish, qolaversa, aholining elektr energiyaga boʻlgan isteʼmol madaniyatini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Albatta, bu boradagi ishlarni tizimli ravishda rivojlantirish kelgusida oʻzining ijobiy samarasini beradi.
Hamza AMINOV, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari, texnika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер