Internetning... darvozasi bor

17:33 24 Yanvar 2019 Jamiyat
2463 0

Foto: IIBB saytidan olindi.

Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti orqali internet foydalanuvchilarini yana bir marta hushyorlikka chaqirdi. “Ehtiyot boʻlinglar, virtual olam bedarvoza emas, uning ham chek-chegarasi, qonun va axloq doirasida savol-javobi bor”, deyilmoqchi boʻlingani aniq. Eng muhimi, voqelikka nisbatan tezkor munosabat bildirildi. Bu juda yaxshi. Birinchidan, ortiqcha shov-shuvlar, mish-mishlarning oldini oladi. Ikkinchidan, yuzerlarga har qanday holat yoki vaziyat yuzasidan oʻz munosabatini bildirishda tanganing ikkinchi tomoni ham borligini, ehtiroslarga berilib, bir yoqlama xulosa qilmaslik lozimligini eslatib turadi.

Keling, yaxshisi murojaat matnini toʻliq oʻqib, oʻzingiz xulosa qiling.

“Garchi kimgadir bu yoqmasa-da, qilmish uchun jazo muqarrar!”

Internet tarmogʻida, xususan “uzxalqharakati.com” saytida Shaxnoza Boyqunusova nomidan murojaat tarqatilgan boʻlib, unda Sh.Boyqunusovaga nisbatan boʻlgan jinoyat ishi yuzasidan tergov noxolis olib borilgani, goʻyoki protsessual hujjatlar soxtalashtirilgani taʼkidlangan.

Jabrlanuvchilar tomonidan Toshkent shahrining bir necha tuman ichki ishlar idoralariga yozilgan arizalar asosida hech qayerda ishlamaydigan, 1981 yilda tugʻilgan Sh. Boyqunusovaga nisbatan 5 ta holatda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Sh. Boyqunusova va uning jinoiy sheriklari jabrlanuvchilarni aldab, ularning plastik kartalardagi pul mablagʻlarini naqdlashtirib berish bahonasi bilan qoʻlga kiritib, plastik kartochkalardan yechilgan pullarni oʻz ehtiyojlariga ishlatishgan. Yetkazilgan zararning umumiy miqdori 397 million 970 ming soʻmni tashkil etgan. Gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan Sh. Boyqunusova tergovga kelishdan va yetkazilgan zararni qoplashdan boʻyin tovlab kelgan.

Shu sababli 2018 yil 2 aprel kuni u Toshkent shahar IIBBga taklif etilib, Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 227-moddasi tartibida (surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori asosida ushlab turish) ushlangan va vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. 3 aprel kuni unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ayblov eʼlon qilingan. 4 aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Sud jarayonida aybdor deb topilgan Sh. Boyqunusova yetkazilgan zararni qoplagan va shu sababli 2018 yil 18 oktyabr kungi hukm bilan sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turi tayinlangan, yaʼni u ish haqidan 20 foizini ushlab qolish sharti bilan 2 yil 2 oy 13 kunga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Ushbu hukm 2018 yil 28 oktyabr kuni qonuniy kuchga kirgan.

Shu bilan birga, ichki ishlar vaziri nomiga keltirilgan ayblovlarni asossiz va nomaqbul, deb hisoblaymiz, chunki tergov qonun doirasida, har tomonlama, toʻla va xolisona olib borilgan boʻlib, bu sud hukmi bilan oʻz tasdigʻini topgan. Sud hukmidan norozi boʻlgan taqdirda, har kim qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Hurmatli internet tarmogʻi foydalanuvchilari! Sizlarni bunday mavzularni yoritishda va munosabat bildirishda xolis boʻlishga, ehtiroslarga berilmaslikka chaqiramiz. Goʻyoki kimnidir fosh etadigan “qaynoq” xabarlarni chop etishdan oldin taraflarni har birini, xususan, yuqoridagi holatda nafaqat ichki ishlar idoralari, balki Sh. Boyqunusovaga oʻxshash shaxslarning noqonuniy qilmishlaridan jabrlanganlarni ham eshitish foydadan xoli boʻlmas edi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер