Inson qadri, uning ijtimoiy himoyasi — ustuvor maqsad
Иллюстратив фото
Joriy yil mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqeliklarga boy davr boʻlib tarixga kiradi. Chunonchi, shu yil 30-aprel kuni yurtimizda umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Ushbu siyosiy jarayon koʻtarinki ruhda, fuqarolarimiz faolligida oʻtkazilgani har birimizning yangi Oʻzbekiston kelajagiga befarq emasligimizni namoyon etdi.
Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli boʻldi, desak, ayni haqiqat.
Binobarin, Strategiyaning birinchi — har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish yoʻnalishi oʻzida 44 ta maqsadni qamrab oldi. Bundan bilish mumkinki, 44 foiz maqsadlar bevosita ushbu yoʻnalishga toʻgʻri kelmoqda. Bu davlatimiz rahbari siyosatida asosiy eʼtibor xalqimizni rozi qilish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, sogʻliqni-saqlash, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik masalalariga katta eʼtibor qaratilishini, kelgusi yillar ham yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish borasida ulkan islohotlar roʻyobga chiqarilishini anglatadi.
Darhaqiqat, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha soʻnggi yillarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Oʻtgan yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. Aholini ijtimoiy yordam tizimi bilan qamrab olish koʻlami ham oshib bormoqda.
Misol uchun, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib, 2 mln. 200 mingdan ortiq oilalarga koʻmak berilmoqda. Bu jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladi. Ajratilayotgan mablagʻlar esa, 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 12 trln. soʻmdan ziyodni tashkil qilayotir.
Maʼlumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligiga oid norma kiritilgan. Bu esa hozirda davlatdan moddiy yordam olayotgan 2 mln. 200 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarning huquqini kafolatlaydi.
Strategiyada nazarda tutilgan maqsadlardan koʻrishimiz mumkinki, bu boradagi islohotlar izchil davom ettirilib, kelgusi yetti yilda ham ulkan vazifalarning bajarilishi belgilandi. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlar doirasida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish xizmatlari sifatini oshirish, ijtimoiy himoya qilish choralari doirasiga muhtojlarning barchasi toʻliq qamrab olinishiga erishish, respublikaning barcha tuman va shaharlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil qilish shular jumlasidandir.
Shuningdek, Strategiyadan kelib chiqib, kelgusida muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslarning sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash darajasini 100 foizga yetkazish, nogironligi boʻlgan shaxslarni munosib ish bilan taʼminlash va ularning bandligini 2 barobarga oshirish maqsad qilindi.
“Mahallabay” ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezident tomonidan Strategiya maqsadlarini hayotga joriy etish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Xususan, ehtiyojmand aholini roʻyxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning oʻzida jamoaviy hal qilinishi taʼkidlab oʻtildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan masalalarni joyida samarali hal qilish maqsadida amaldagi “mahalla beshligi”ga soliqchi va ijtimoiy xodim ham qoʻshilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” tizimi joriy qilinib, ularning har birining vazifalari aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” ishini birgalikda tashkil qilishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytirilib, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimning oylik ish haqi mahalla raisi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, Strategiya doirasida har yili 1 milliondan ortiq nuroniylar uchun respublika boʻylab diqqatga sazovor joylar, xususan, tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning soʻlim goʻshalariga sayohatlar tashkil etish vazifasi ham qoʻyildi. Hech shubhasiz, bu nuroniy otaxon va onaxonlarimizning kayfiyatini koʻtarib, sogʻligʻiga ijobiy taʼsir qiladi hamda hayotdan roziligini oshiradi.
Qolaversa, 2026-yilga qadar kambagʻallikni oʻtgan yilga nisbatan 2 barobarga, 2030-yilga qadar esa keskin qisqartirish, mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarni barqaror va samarali bandligini taʼminlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish vazifasining samarali bajarilishi fuqarolarimiz tumush darajasi yanada oshishiga, yurtimiz taraqqiyotini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Bosh Assambleyaning 78-sessiyasidagi nutqida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻunligini alohda taʼkidlab oʻtdi. Bu bejiz emas. Chunki yurtimizda ushbu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Davlatimiz rahbari yuksak minbardan turib, Oʻzbekiston BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024-yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” butunjahon konferensiyasini yurtimizda oʻtkazish taklif etilgani ijtimoiy sohadagi ishlarimizga dunyo hamjamiyati nigohini qaratish va xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda, bu boradagi saʼy-harakatlarimizni yanada takomillashtirishga imkoniyat yaratadi.
Goʻzal ALIMOVA,
Jamoat xavfsizligi universiteti Iqtisodiy fanlar kafedrasi dotsenti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring