“Inson qadri” onlayn platformasi ishga tushirildi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Inson qadri” onlayn platformasi hamda “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” toʻplami taqdimotlariga bagʻishlangan xalqaro tadbir tashkil etildi.
Nufuzli anjumanda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining ijrosiga masʼul boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlar, NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarining boshqa vakillari, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ochib berdi. U oʻz soʻzida Taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” degan tamoyilni hayotda toʻla roʻyobga chiqarish vazifasi yaqqol aks ettirilganligi, uning zamirida har bir insonning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlash, har bir shaxs uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishdek ustuvor maqsad va vazifalar mujassamligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini ulugʻlagan xalqchil bosh dastur ekanligiga alohida urgʻu berdi.
— Taraqqiyot strategiyasi, degan nom bejiz tanlanmagan, — dedi A. Saidov. — Bu nom, avvalo, mazkur Taraqqiyot strategiyasi – 2017-yil fevralida tasdiqlangan va keyingi besh yil ichida hayotga izchil tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasining yangi bosqichdagi mantiqiy davomi ekanini anglatadi. Taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilgan. Binobarin, Harakatlar strategiyasidagi har bir yoʻnalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy, keng koʻlamli va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yoʻnalishlarda muhim natijalarga erishish koʻzda tutilgan.
Binobarin, yangi hujjat — Taraqqiyot strategiyasi endi Yangi Oʻzbekistonning poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan. Bu buyuk bunyodkorlik jarayoni 2026-yilgacha boʻlgan davrni qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi.
Tadbirning kirish qismidan soʻng “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan tadbir ishtirokchilari uchun dastlab “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti oʻtkazildi. E.Tulyakov oʻz maʼruzasida 2017–2021-yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashiga qaratilgan bir qator muhim choralar amalga oshirilganligini taʼkidladi.
— Oʻtgan besh yilda xalq bilan muloqot qilish, insonlar dardi, muammolarini samarali, tezkor hal qilish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi, — dedi E.Tulyakov. — Xususan, davlat organlarining aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqoti yoʻlga qoʻyildi, yildan-yilga shaffoflik ortib bordi, bu esa oʻz-oʻzidan aholining davlat organlariga nisbatan munosabatini tubdan oʻzgartirdi, uning faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligini kuchaytirdi. Eng muhimi, fuqarolar tomonidan davlat organlari oldiga masala qoʻyish imkoniyatlari yanada kengaydi.
Barchamizga maʼlumki, 2022-yilning 28-yanvar kuni Harakatlar strategiyasining uzviy davomi oʻlaroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda inson qadrini oshirish, hamma narsa inson uchun ekanligini anglash hamda jamiyatda inson qadrini birinchi oʻringa olib chiqish gʻoyalari ilgari surilgan. Shuningdek, davlat organlarining aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini uzluksiz va samarali davom ettirish, shaffoflik, ochiq-oshkoralikni taʼminlash Taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturilarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazib borish hamda uning joylardagi ijrosida bevosita aholining ishtirokini taʼminlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Inson qadri” onlayn portali ishlab chiqildi.
Shu oʻrinda, A. Saidov tarixiy dasturulamal hujjatning uch ahamiyati haqida ham toʻxtalib oʻtdi.
— Birinchisi, Taraqqiyot strategiyasining milliy darajadagi ahamiyati, — deya eʼtirof etdi A. Saidov. — Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va eng muhim vazifalarning atroflicha tahlili shundan dalolat beradiki, Yangi Oʻzbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Yaʼni, “Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri — oliy qadriyat” degan tamoyil eʼtirof etilmoqda. Ikkinchisi — Taraqqiyot strategiyasining mintaqaviy darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan maqsadlarda Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida yaqin qardoshlikni qadrlash, qoʻshni mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishish boʻyicha muhim vazifalarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Uchinchisi – “Taraqqiyot strategiyasi”ning xalqaro (global) darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish, xususan, iqlim, ekologiya, terrorizm, korrupsiya, migratsiya, kambagʻallik kabi global muammolarni hal etish borasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish haqida soʻz borgan.
Taqdimot davomida markaz rahbari tomonidan portalning ishlash mexanizmi va undan kutilayotgan natijalar toʻlaqonli yoritib berildi. Jumladan, endilikda, “davlatdasturi.uz” onlayn platformasi orqali aholi Davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi bilan batafsil tanishishlari, shuningdek tegishli yoʻnalish va unda amalga oshirilishi belgilangan ishlar ijrosi yuzasidan oʻz fikr, taklif va eʼtirozlarini bildirishlari ham mumkin boʻladi.
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkonini yaratish maqsadida onlayn portaldagi maʼlumotlar muntazam yangilanib boriladi. Bu esa, Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi ijrosining shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Davlat dasturining har bir bandining ijro holatini koʻrsatib oʻtish imkoniyati yaratilgan. Mazkur imkoniyatlar tegishli davlat organlarining Davlat dasturining ijrosi boʻyicha masʼuliyati va hisobdorligini oshiradi.
Eng muhimi, portalda amalga oshirilgan islohotlarni oʻz hayotida his qilishi kerak boʻlgan fuqarolarda ijro holati boʻyicha oʻz munosabatlarini foto, video yoki elektron hujjatlarni yuklash orqali ham joʻnatish imkoniyati yaratilgan.
Bu, oʻz navbatida, mahalliy va xorijiy ekspertlarning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining monitoringi va amalga oshirilishidagi tizimli ishtirokini taʼminlash va natijadorligini baholashga xizmat qiladi. Shuningdek, portalga Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi natijalari yuzasidan infografik maʼlumotlar, videorolik va tahliliy sharhlarga oid maʼlumotlarni kiritib borilishi, keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor boʻlishiga xizmat qiladi.
Onlayn portalda Taraqqiyot strategiyasini 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan 398 ta band hamda yoʻnalishlar doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar boʻyicha maʼlumotlar joylashtirilgan. Xususan, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi holati — “bajarilgan”, “bajarilmoqda” hamda “bajarilmagan” koʻrinishlarida aks ettirib boriladi.
Shu bilan birga, tadbirda Markaz rahbari Eldor Tulyakov 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta ustuvor yoʻnalish va uni amalga oshirishga qaratilgan 100 ta maqsad hamda koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlar aks ettirilgan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” toʻplami taqdimotini ham oʻtkazdi.
Hozirda mazkur toʻplam Markaz tomonidan muntazam chop etib kelinmoqda. Ayni kunga qadar Parlament palatalari, vazirlik, idora va tashkilotlar, NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda boshqa bir qator tashkilotlarga oʻz faoliyatlarida foydalanishlari uchun taqdim etilmoqda.
Shuningdek, oʻtgan qisqa vaqt ichida toʻplam ingliz, xitoy hamda italyan tillarida ham chop etilib, mamlakatimiz va xorijdagi elchixonalar, xalqaro tashkilot va keng jamoatchilik uchun ham taqdim etildi.
Xalqimiz va keng jamoatchilik uchun islohotlarning hayotiyligini taʼminlashga qaratilgan muhim portal hamda toʻplam taqdimotlariga bagʻishlangan tadbirda bir qator mahalliy va xorijiy ekspertlar ham fikr mulohazalarini bildirishdi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev tomonidan Taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirish jarayonida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, ijrosiga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralararo maʼlumot almashish mexanizmini yoʻlga qoʻyish, erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli va ishtirokini yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Qiziqarli axborot va yangiliklarga boy boʻlgan taqdimot yakunida mazkur portal “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi tomonidan muntazam ravishda takomillashtirib borilishi, bunda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarga ham doimiy ravishda eʼtibor qaratilishi maʼlum qilindi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring