Inson huquqlarini taʼminlash sohasida davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida navbatdagi ochiq muloqot oʻtkazildi

13:58 17 Iyun 2023 Jamiyat
622 0

Maʼlumki, 2 yildan buyon Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan hamkorlikda inson huquqlarini taʼminlashda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

2023-yilning 16-iyun kuni davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi navbatdagi ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. “Inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishida davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi: muammolar va ularning yechimlari” mavzusiga bagʻishlangan mazkur davra suhbati BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi, Sudyalar oliy Kengashi hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari faollari, jumladan Demokratiya va inson huquqlari instituti, “Madad” nodavlat tashkiloti, “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Yuksalish” umumxalq harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi va boshqa NNTlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatini tashkil etishning maqsadi – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida umumiy muloqot platformasini oʻrnatish orqali aholini oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan muhokamalarni oʻtkazish va bu orqali bir qator muammolarga yechim topishdir.

Tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali fuqarolarning davlat bilan oʻzaro samarali aloqasini taʼminlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan oʻzgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu soha rivojiga boʻlgan katta eʼtiborni koʻrsatadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Ombudsman instituti fuqarolik jamiyati institutlari bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatilgani va 2 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur platforma orqali ularni yanada qoʻllab-quvvatlash imkoniyati yanada kengayib, ochiq muloqot yoʻlga qoʻyilganligini taʼkidlab oʻtdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani belgilab qoʻyildi. Aytishim kerakki, biz ushbu yoʻnalishda ham  fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlashga va ular takliflarini oʻrganib, yanada takomiliga yetkazishga tayyormiz. Shu nuqtai nazardan, davra suhbatida fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bildirilayotgan taklif va tavsiyalar biz uchun juda muhim.

Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili

- Albatta NNTning inson huquqlarini taʼminlashdagi oʻrni beqiyos va bu davlatning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardan  hisoblanadi. Oʻzbekistonda hozirgi kungacha fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab islohotlar amalga oshirildi. Lekin, shunga qaramasdan yana shu sohada ishlash kerak boʻlgan yoʻnalishlar mavjud. Bugun biz Ombudsman va sud huquq tizimidagi davlat organlari bilan birgalikda Finlandiya hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan loyihamiz doirasida ushbu masalalarni birgalikda muhokama qilishdan xursandmiz.

Davra suhbatida taʼkidlanishicha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda sud mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyati boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari oʻrganildi.

Qayd etish lozimki, bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va u orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.

Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yanada taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga sud jarayonlarida teng imkoniyatlar yaratish, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qonunchilikda imtiyozlar yaratish yuzasidan takliflar berildi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер