Inson huquqlari sohasidagi taʼlim yangi bosqichda

17:06 22 Fevral 2023 Jamiyat
871 0

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori inson huquqlarini taʼminlashda olib borilayotgan islohotlarga qoʻyilgan yana bir muhim qadam boʻldi.

Mazkur qaror ijrosi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalari hamda inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi milliy va xalqaro standartlar toʻgʻrisida xabardorligini, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sifatli taʼlim olish, albatta, har bir fuqaroning huquqi boʻlib, bunda davlatning taʼlim olishni taʼminlash va kafolatlash majburiyati yotadi. Taʼlim olish davlat tomonidan taʼminlanadigan, insonning umri davomida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli boʻlgan huquqdir. Taʼlim olish huquqi inson huquqlari sohasidagi taʼlimni ham oʻz ichiga oladi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat aynan inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha oʻqitish, malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlashga qaratilgan.

Dasturga binoan, endilikda rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari, gender tenglik masalalari boʻyicha oʻquv kurslari joriy etiladi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun inson huquqlari, qiynoqqa qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslari, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yoʻnalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tashkilotlarda oʻquv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi.

Shuningdek, mazkur Dastur pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida inson huquqlari oʻquv kurslarini joriy qilish, huquqshunos-pedagog taʼlim yoʻnalishini tashkil etish, inson huquqlari ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni takomillashtirish; inson huquqlarining dolzarb masalalari boʻyicha xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturasida mutaxassislarni oʻqitish hamda malakasini oshirish tizimini takomillashtirishni maqsad qilgan.

Albatta, ushbu maqsadlarni amalga oshirishda Toshkent davlat yuridik universitetining yetakchi professor-oʻqituvchilarining roli, hissasi juda muhim. Huquq sohasida davlatimizning yetakchi oliy tahlim muassasasi sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti, avvalambor, Inson huquqlari fanini bakalavr va magistratura bosqichi talabalariga oʻqitish bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun oʻquv kurslari, gender tenglik masalalari boʻyicha joylarda treninglar tashkil etish, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash boʻyicha seminar-treninglar tashkil qilishda hamkorlik qilish uning oldida turgan muhim vazifadir.

Shuningdek, inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida TDYUU olida turgan vazifalar talaygina. Jumladan, endilikda huquqshunos-pedagog taʼlim yoʻnalishini tashkil etish, shuningdek, “Inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquq” magistratura mutaxassisligini joriy qilish chora-tadbirlarini koʻrish lozim. Bunda, albatta, oʻquv jarayoniga yetakchi professor-oʻqituvchilarni, xorijiy universitetlar professorlari va mutaxassislarini jalb qilish zarur.

Bundan tashqari, inson huquqlarini oʻrganish amaliyot, kundalik turmushimiz va eng asosiy huquqlarimiz bilan bogʻliq soha ekanligini hisobga olgan holda, oʻquv jarayoniga turli ekpspertlarni jalb qilish samara beradi. Toshkent davlat yuridik universiteti amaliyot va nazariya uygʻunligi asosida oʻquv mashgʻulotlari olib borishni, mana bir necha yildirki, samarali joriy qilib kelmoqda. Ushbu tajribani tegishli idora va organlarda olib boriladigan oʻquv kurslariga ham joriy qilishda TDYUU oʻz tajribasi bilan boʻlishishi va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi muhimdir.

Qayd etib oʻtish joizki, Dasturning muhim vazifalaridan yana biri bu — inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashdir. Ilmiy faoliyatda inson huquqlari dolzarb muammolarini oʻrganish, yangi nazariya va tadqiqotlarni ilgari surish, kelajakda inson huquqlari boʻyicha yetakchi pedagog-kadrlar va huquqshunos olimlarni koʻpayishiga, inson huquqlarini himoya qilishni targʻib qilishga koʻmak beradi.

Shu nuqtayi nazardan, xalqaro darajadagi konferensiya va forumlar oʻtkazish, inson huquqlarining dolzarb muammolarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy adabiyotlar sonini koʻpaytirish mamlakatda ilm-fan yoʻnalishini rivojlanishiga ham turtki boʻladi desak adashmagan boʻlamiz.

Inson huquqlari boʻyicha taʼlim barcha insonlarni oʻz huquqlari va boshqalarning ham huquqlarini himoya qilishga undaydigan qadriyatlar, eʼtiqod va munosabatlarni ilgari suradi. U har bir shaxsning har qanday jamiyatda inson huquqlarini hayotda amalda boʻlishidagi umumiy masʼuliyatini haqidagi tushunchani rivojlantiradi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish maqsadida inson huquqlari boʻyicha taʼlim berishga yoʻnaltirilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi mamlakatimizda insonga boʻlgan eʼtiborning kun tartibida turgan muhim vazifa ekanligini koʻrsatadi.

Yuqorida keltirilgan normativ-huquqiy hujjat mazmuni ham Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichga koʻtarilganligi va yangi yondashuvlarni ishlab chiqqanligidan dalolat beradi.

Umida ShERXONOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер