Insofni ham jigʻildonga urasizmi?
— Qoʻshnijon, yangi uy sotib olibsiz, deb eshitdim. Muborak boʻlsin.
— Qulluq, aylanay. Shu desangiz, nevaramga atab yana bitta ikki xonali uy sotib olyapmiz. Sizga aytsam, karantin paytida savdomiz rosa yurishdi. Akangiz bozordan koʻtarasiga arzon-garovga olgan kartoshkayu piyoz qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Uni qoʻying, har kuni bir million soʻmga xarid qilingan rezavor koʻkatlar xayal oʻtmay ikki million soʻmga aylanib, oʻzimizga qaytdi. Qizim “Institutga oʻqishga kiraman” deb yurgandi, “Oʻqish – poʻqishingni qoʻy. Mana man oʻqiganman. Diplomim sandiqda yotibdi. Hamma pul savdoda” deb yonimga oldim...
Bu gaplarni eshitib turgan ziyolinamo ayol labini tishlaganicha nariga ketdi. U “dom” oldida savdo-sotiq qiladigan bu ayolning tarozidan urishi haqida ham orqaravotdan eshitgandi...
Sir emas, pandemiya sharoitida odamlarning bozor-oʻchar qilish imkoniyati cheklandi. Roʻzgʻor esa oʻz nomi bilan roʻzgʻor. Qora qozon qaynamasa boʻlmaydi. Ana shu vaziyatdan ayrim noinsoflar foydalanib qolishdi. Mahsulotni bozordan koʻtarasiga olib, koʻp qavatli uylar oldidagi omonat doʻkonlari orqali mahalladoshlariga ikki-uch baravar qimmatiga sota boshlashdi.
Bunday “tadbirkorlik”dan kimga naf? Albatta, sotuvchiga. Har holda xaridorga emas. Boyagi ayolning uch – toʻrt oy ichida bir emas, ikkita uyli boʻlishi buning yaqqol isboti.
— Mahsulot ustiga noinsoflarcha narx qoʻyib, qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlariga pullayotgan, tarozidan urayotgan,odamlarning haqqini shu tariqa jigʻildoniga joylayotgan kimsalarning oramizda uchrab turgani afsuslanarli, albatta, — deydi gʻijduvonlik keksa pedagog, mehnat faxriysi Hakim Rajabov. — Xaridorning ilojsizligidan foydalanib, oʻz ochkoʻzliklari evaziga yiqqan boyliklari ularga huzur-halovat olib kelarmikan?
Yoʻq, albatta. Diniy qadriyatlarimizda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Hadislarda aytilishicha, halol rizq qalbni, naslni pok saqlaydi. Binobarin, yolgʻon soʻzlash, insofni unutish, tarozidan urish evaziga topilgan boylik kishiga halovat emas, gʻurbatu koʻrguliklar olib kelishi tayin.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring