“Insof bormi, ”aptekachilar?" — bugun matbuotda
Afsuski, COVID-19ning tarqalish surʼatlari pasaymayapti. Pandemiya butun dunyodagi umumiy vaziyatga, ayniqsa, milliy iqtisodiyotlarga nihoyatda salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Ushbu ofat tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida keskinlashgan global iqtisodiy inqiroz barcha mamlakatlarning barqarorligi, aholi turmush darajasi va farovonligiga jiddiy putur yetkazmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Koronavirus pandemiyasi: ilk siyosiy saboqlar” sarlavhali maqolasi ayni shu mavzu tahliliga bagʻishlangan. “Pandemiya butun dunyoda mudrab yotgan muammolarni “uygʻotib yubordi”, — deb yozadi muallif.— Tabiiyki, Oʻzbekiston ham mana shunday muammolarga toʻqnash kelmoqda. Lekin biz hayotimizdagi eng muhim siyosiy omilga, yaʼni xalqimizning davlat idoralari faoliyatiga, fuqarolar va biznesning davlat tomonidan koʻrilayotgan choralarga nisbatan qatʼiy ishonchiga ega ekanini baralla va dadil ayta olamiz...”
... Ayrim tadqiqot natijalariga qaraganda, koronavirus tarqalishining ikkinchi toʻlqini avj olishiga SOVID-19ning simptomsiz tarqatuvchilari sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
“Xalq soʻzi” gazetasida chop etilgan «Super kasallik tashuvchilar» kimlar?" nomli materialda shu haqdagi fakt va mulohazalar keltirib oʻtilgan. Xususan, maqolada yozilishicha, soʻnggi kunlarda kasallanganlar soni keskin oʻsishida faqat bitta omilni koʻrsatish yoki faqat davlatlar sogʻliqni saqlash tizimlarini ayblash notoʻgʻri. Bunga, birinchidan, COVID-19ning oʻziga xos simptomsiz koʻrinishining xususiyati, ikkinchidan, uning yuqish yoki tarqalish jarayonlari toʻgʻrisida fanda ishonarli dalillarning hali toʻliq kashf qilinmagani sabab boʻlmoqda. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi eʼlon qilgan tadqiqot natijalariga koʻra, koronavirusga chalinganlarning deyarli 50 foizga yaqiniga virus “simptomsiz tashuvchilar” tomonidan yuqtirilgan boʻlishi mumkin. AQSHlik doktor Ron Yelfenbein kasallik alomati boʻlmagan bemorlar eng ashaddiy virus tashuvchilar boʻlib, aholi orasida koronavirus avj olishiga ular sababchi boʻlib qolishlari mumkinligidan ogohlantirdi. Doktorning fikricha, simptomsiz bemorlar «super kasallik tashuvchilar» hisoblanishadi...
“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etilgan dori vositalarining respublikamiz dorixonalarida mavjudligi hamda ularning sotuvdagi narx-navosi toʻgʻrisidagi holat boʻyicha bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli gap-soʻzlar aylanib yuribdi. Bunday vaziyatlar Federatsiya tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida doimiy oʻrganib boriladi, natijalaridan esa keng jamoatchilik xabardor qilib boriladi...”
“Jamiyat” gazetasida bosilgan «Insof bormi, aptekachilar?" sarlavhali maqola ana shunday jumlalar bilan boshlanadi. Materialda qayd etilishicha, aynan yuqoridagi masala yuzasidan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan uy sharoitida SOVID-19 infeksiyasini davolash uchun tavsiya etilgan «Azitromitsin», «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir»,«Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilarining dorixonalarda sotuvda mavjudligi, ularning narxi yuzasidan jamoatchilik nazorati tartibida monitoring oʻtkazdi...
“Ovozi tojik” gazetasida Termiz davlat universiteti talabasi Shukrona Gʻafurovaning oʻz buvisi haqida yozgan maqolasi eʼlon qilingan. Materialda urush qiyinchiliklari va undan keyingi mashaqqatlarni boshidan kechirgan 88 yoshli Mastura bibi Abdullayeva hayoti haqida hikoya qilinadi. Bugungi kunda Mastura bibining atrofida 32 nevarasi va 47 abirasi parvona. Onaxon davlatimiz eʼtibori ogʻushida keksalik gashtini surmoqda...
O'zA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring