Vazirning suhbat o‘tkazishidan muddao ne edi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida2018 yil6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalar kimyosi institutida o‘tkazilgan majlis bayonida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Fanlar akademiyasi yurtimizdagi barcha ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini suhbatdan o‘tkazdi. Suhbatdan o‘tkazish komissiyasiga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raislik qildi.
Endilikda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari innovatsiya faoliyatiga oid masalalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy etish va tijoratlashtirish natijalari bo‘yicha bevosita O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisob beradilar.
Suhbatdan o‘tkazish davomida ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va prorektorlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlari mazmun-mohiyatini tushunishi, shuningdek, tegishli ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi ilmiy muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalarni belgilay olish ko‘nikmalarining shakllanganligiga baho berildi. Bundan tashqari, tegishli soha va korxonalarning ilmiy-texnik muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni tashkil etish, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish, yoshlarni ilmiy ishga keng jalb etish bo‘yicha faoliyat natijalari darajasi o‘rganildi. Muassasaning ilmiy-tadqiqot, pedagogik faoliyati natijalari (ilmiy maqolalar, darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya va boshqalar soni va sifati)ning e’lon qilinishi, xorijiy hamkorlari bilan birgalikda olib borayotgan ilmiy ishlari holatiga ham e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, prorektorlar va direktor o‘rinbosarlari suhbat jarayonida bir yil davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiradigan ishlari to‘g‘risida “Yo‘l xarita”larini belgilab oldilar.
Shoyim Bo‘tayev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring