Imtiyozli pensiyaga chiqishi kerak boʻlgan fuqaro manfaati sudda himoya qilindi

14:22 24 Dekabr 2022 Jamiyat
791 0

Foto: Illustrativ surat

“Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasida qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlovchilar jumlasidan boʻlgan qutqaruvchilari umumiy belgilangan yosh oʻn yilga kamaytirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga egaligi koʻrsatilgan. Shu bilan birga “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda kamida 5 yil ishlagan erkaklar va kamida 3 yil 9 oy ishlagan ayollarga pensiya ushbu hujjatning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshi shunday ishda band boʻlingan har bir toʻliq yil uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi.

Gapni nega qonunchilikdan boshlaganimizning sababi bor. Aniqlanishicha, Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida yashovchi A.J. 1994-yildan Bulungʻur tuman 10-sonli kasbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismida bir qancha lavozimlarda, 2020-yil 3-yanvardan tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimida yoʻriqchi-qutqaruvchi (yongʻin oʻchiruvchi) vazifasida ishlagan. Qonuniy huquqlaridan foydalanib, imtiyozli yoshga doir pensiyaga chiqish maqsadida murojaat qilganida Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Bulungʻur tuman boʻlimi tomonidan unga pensiya tayinlash rad etildi.

Qonunchilikka koʻra, qutqaruv ishlariga avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv, togʻ-kon qutqaruv, suv-qutqaruv, gaz-qutqaruv ishlari, shuningdek yongʻinlarni oʻchirish hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq ishlar kiradi. Katta ehtimol bilan Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Bulungʻur tuman boʻlimi masʼullari mazkur tartibdan bexabar. Yoʻqsa, murojaatni koʻr-koʻrona rad qilmagan boʻlishardi.

Fuqaro A.J. Bulungʻur tuman adliya boʻlimiga qonuniy huquqlarini tiklashni soʻrab qilgan murojaatidan kelib chiqib, tuman adliya boʻlimi Samarqand tumanlararo maʼmuriy sudiga daʼvo arizasi kiritdi. Sud ishni oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish toʻgʻrisidagi Kodeksining 148, 154-158 va 188-189-moddalarini qoʻllab, Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Bulungʻur tuman boʻlimining fuqaro A.J.ga pensiya tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Fuqaro A.J.ga umumiy belgilangan yoshni oʻn yilga qisqartirilgan holda imtiyozli yoshga doir pensiya tayinlanadigan boʻldi.

Mansur HASAN,

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi

axborot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер