Ilm va ishlab chiqarish uygʻunlashsa, samara yuqori boʻladi
Suv xoʻjaligi vazirligida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, vazirlik huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti professor va olimlari, tadqiqotchilari hamda vazirlik masʼul xodimlari ishtirokida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi yakunlariga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
— Biz ushbu mamlakatda boʻlib, taraqqiyotning yuqori choʻqqilarini egallayotgan Xitoy bunday ulkan yutuqlarga ilm bilan erishayotganining guvohi boʻldik, — dedi Qishloq xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev. — Suv xoʻjaligi sohasini olib qaraydigan boʻlsak, yirik inshootlar xavfsizligini taʼminlash, shoʻr yerlarni yuvishga suv sarflamasdan turib moʻl hosil olishni ulardan oʻrgansak, tajriba almashsak arziydi.
Tadbirda mamlakatimizda ochiq sugʻorish tarmoqlarida yoz mavsumida koʻp miqdorda suv bugʻlanib ketishining oldini olish maqsadida yer osti quvuri orqali sugʻorish tarmoqlarini oʻtkazish boʻyicha eksperiment va tadqiqotlar olib borishga eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, suv omborlari va toʻgʻonlarning xavfsizligini loyihalashtirishda hisob-kitob uslublari eskirganligi, yangi qurilma va uskunalardan foydalanish zarurligi aytib oʻtildi.
Uchrashuvda sohaga doir yangi ilmiy loyihalarni koʻpaytirish, ularning moliyaviy taʼminotini hal qilish, bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlarda sifatga eʼtibor qaratish, yosh olimlarga sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Ilm bilan ishlab chiqarish uygʻunlashsa samara yuqori boʻlishi yakdillik bilan eʼtirof etildi.
Vazirlikning har oy oxirgi dushanba kuni oʻtkaziladigan yigʻilishi ilm-fan masalasiga bagʻishlanishi kelishib olindi.
Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring